Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Rimda Italiyaning Toshkentdagi sobiq elchisi Piergabriele Papadia de Bottini di Sant-Agneze hibsga olindi. U o‘zining sherigi bilan birgalikda noqonuniy immigratsiya va mansab vakolatini suiiste'mol qilganlikda gumon qilinmoqda.

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, Papadia o‘z yordamchisi bilan birgalikda Rossiya fuqarolariga bir yildan uch yilgacha muddatga uzoq muddatli turistik vizalar berish sxemasini tashkil qilgan. Hatto belgilangan talablarga javob bermaydiganlar ham vizalarni olgan. Buning uchun u har bir kishidan qo‘shimcha 4 mingdan 16 ming yevrogacha undirgan — qonun bo‘yicha konsullik yig‘imi bir ariza uchun 45-60 yevroni tashkil etadi.

Firibgarlik Moskvada bir manzilda ro‘yxatdan o‘tgan uchta sayyohlik agentligi — Happy Travel, Visa4you va Park Lane orqali amalga oshirilgan. Kamida 95 nafar Rossiya fuqarosi ushbu agentliklarga murojaat qilgan va keyinchalik Italiyaga vizaning rasmiy talablariga javob bermasdan kirgan. Ba'zi hollarda arizachilar konsullik okrugi hududida yashamagan, boshqalarida esa arizachi nomidan hujjatlarni boshqa shaxs imzolagan, bir qismi esa konsullikka shaxsan kelmagan holda vizalarni olgan.

Sxema 2025 yil iyul oyida Italiya Tashqi ishlar vazirligining elchixonadagi rasmiy tekshiruvi chog‘ida fosh etilgan, hujjatlarda qo‘pol qonunbuzarliklar aniqlangan. 81 holatda Toshkent elchixonasida vizalarni olgan rossiyaliklarning ismlari muassasaga tashrif buyuruvchilar ro‘yxatida qayd etilmagan. “Viza arizalarida aniq qonunbuzarliklar topilgan, ularga bevosita missiya rahbari Papadia javobgar bo‘lib, u hujjatlarga “OK” belgisini va o‘z bosh harflarini qo‘ygan”, — deya ta'kidlagan tergovchilar.

Tergov shuningdek, sayyohlik agentliklari 2025 yil yanvar-iyul oylarida Bolgariyadagi bank hisob raqamiga 23 600 yevro o‘tkazganligini aniqlagan, tranzaksiya foizli kredit sifatida ko‘rsatilgan. Hisob raqam Bolgariyada yashovchi, ilgari Papadia bilan Moskvadagi Italiya konsulligida ishlagan, Italiya fuqaroligiga ega rossiyalik Tatyana Tarakanovaga tegishli. Papadia Toshkentga elchi bo‘lgach, uni viza bo‘limiga ishga olgan.

Sobiq elchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, chunki qochish xavfi bor: hibsga olinishidan biroz oldin u Rossiyaga viza olish imkoniyati bilan qiziqqan. Prokurorlar va moliya politsiyasi xodimlari taxminan 400 epizodni tergov qilishda davom etmoqda va Papadiyaning 3 million yevroga baholanadigan mulkini o‘rganmoqda — uning o‘zi bu mulkni meros qilib olganini da'vo qilmoqda.

Source: kun.uz