Eronning so‘nggi shohi o‘g‘li, muxolif siyosatchi Reza Pahlaviy Berlinda matbuot anjumanidan so‘ng noma’lum shaxs tomonidan qizil suyuqlik bilan nishonga olindi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Hodisa 23-aprel kuni Germaniya poytaxtining hukumat kvartalida sodir bo‘ldi. Pahlaviy Federal matbuot anjumani binosidan chiqayotganda, uning orqasidan bir erkak kelib, uning orqasiga suyuqlik sachratgan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari hujumchini qo‘lga oldi. Hujumchining motivlari haqida ma’lumot berilmagan.
Siyosatchi jarohat olmagan va Berlindagi dasturini o‘zgartirmasdan davom ettirgan. Tashrif davomida Pahlaviy Bundestag tashqi ishlar qo‘mitasi raisi bilan uchrashgan, partiyalararo parlament davra suhbatida ishtirok etgan, minglab eronliklar ishtirokidagi mitingda nutq so‘zlagan, yosh deputatlar bilan uchrashgan, jurnalistlarga intervyu bergan va eron diasporasi vakillari bilan muloqot qilgan.
Source: kun.uz