Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida jamoat tartibini buzish va fuqarolarga ruhiy hamda jismoniy bosim o‘tkazish bilan shug‘ullangan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) rasmiy xabar berdi.

DXX va Ichki ishlar vazirligi (IIV) organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida o‘zlarini qonundan ustun qo‘yib, bezorilik va “ko‘cha yechimi” bilan shug‘ullangan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchilar umume’tirof etilgan xulq-atvor normalari va jamiyatda o‘rnatilgan yurish-turish qoidalarini mensimagan holda, oshkora ravishda jamoat tartibini buzib, bezoriliklar sodir etgan. Fuqarolarga ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazish orqali pul topish bilan shug‘ullangan.

Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda. DXX fuqarolarni ushbu shaxslarning noqonuniy harakatlaridan jabr ko‘rgan taqdirda 1520 (DXX) yoki 102 (IIV) qisqa raqamlariga murojaat qilishga chaqirdi.

Avvalroq Andijonda ham bezorilik bilan shug‘ullangan jinoiy guruh aniqlangan edi. Ular fuqarolarga bosim o‘tkazib, kafeda nizolarni “ko‘cha yechimi” bilan hal qilib kelgan. Gumonlanuvchilar bezorilik moddasi bilan qamoqqa olingan.

Prezident og‘ir jinoyatlarni sodir etish maqsadida jinoiy uyushma tuzganlik uchun javobgarlikni belgilash bo‘yicha takliflarni ma’qullagan. Shuningdek, bezorilik uchun jazoni kuchaytirish va jangovar sport turlari bo‘yicha noqonuniy musobaqalarda qatnashganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi belgilangan.

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonda 45 ta uyushgan jinoiy guruh aniqlangan. 116 ta tovlamachilik, 315 ta qurolni noqonuniy saqlash, 86 ta qimorxona tashkil etish, 40 ta odam savdosi va 790 ta fohishaxona saqlash holatlari fosh etilgan. Qidiruvda bo‘lgan 533 nafar shaxs qo‘lga olingan.

Source: www.gazeta.uz