Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Milliy investitsiya fondi (O‘zMIF) o‘z portfelidagi aksiyalarning 30 foizini birlamchi ommaviy taklif (IPO) doirasida joylashtirishini ma’lum qildi. Ushbu qaror fondning tashkil etilishi va 13 ta strategik korxona boshqaruvi Franklin Templeton kompaniyasiga topshirilishi bilan bog‘liq.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, aksiyalarni joylashtirish may oyida amalga oshiriladi. “Kelasi oy 2 milliard 400 million dollarlik davlat aktivlarining 30 foizini ilk bor xalqaro fond bozorlariga chiqaramiz. Iqtisodiyotimizni xalqaro miqyosda yangi darajaga olib chiqish uchun chuqur o‘ylab, yakuniy qarorga kelganmiz”, — dedi Mirziyoyev.

Prezident birinchi chorak yakunlarida O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 8,7 foizni tashkil etganini (2025-yilning shu davrida 6,8 foiz bo‘lgan), sanoat 8 foizga (6,5%), xizmat ko‘rsatish sohasi 16,1 foizga (7%), qishloq xo‘jaligi esa 5,1 foizga (3,8%) o‘sganini qayd etdi.

Oltin yetkazib berilmagani fonida eksport hajmi biroz qisqarib, 5,8 mlrd dollarni (o‘tgan yil 8,1 mlrd dollar) tashkil etdi. Xorijiy investitsiyalar hajmi 13,7 mlrd dollarga yetdi, yillik inflyatsiya esa ilk bor 7,1 foizgacha (10,3%) pasaydi.

Budjet tushumlari yanvar-mart oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35 foizga o‘sib, 103 trillion so‘mga yetdi. Mahalliy budjetlarda qo‘shimcha 2,2 trillion so‘m shakllandi, shundan 1,4 trillion so‘mi tuman va shaharlar ixtiyorida qoldi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra, jamg‘arma aktivlarining sof qiymati 2,44 milliard dollarni tashkil etgan. O‘zMIF portfeliga 13 ta davlat kompaniyasi, jumladan, Uzbekistan Airways, “O‘zbektelekom” va boshqalardagi minoritar ulushlar kiradi. BlackRock va Franklin Resources kabi yirik jahon jamg‘armalari fondning “yakor investorlari” sifatida ishtirok etadi. Ular London va Toshkentda kutilayotgan aksiyalar joylashtiruvi doirasida jamg‘armaning 300 million dollarlik qimmatli qog‘ozlarini sotib olish majburiyatini oldi.

Source: www.gazeta.uz