️ O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov telefon orqali muloqot o‘tkazdilar. Suhbatda Ozarbayjon tomoni Naxichevanga dronlar hujumi uyushtirilgani, tinch aholi jabrlangani va fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetkazilgani haqida ma’lumot berdi.
️ Baxtiyor Saidov mazkur hujumlar yuzasidan O‘zbekistonning jiddiy xavotirini bildirdi. U xalqaro huquq prinsiplariga zid bo‘lgan, boshqa davlatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzadigan bunday harakatlar mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.
️ Eslatib o‘tamiz, 5-mart kuni tushdan keyin Eron hududidan uchirilgan ikkita dron Ozarbayjonda — Naxichevandagi aeroportning uchish maydoniga va qishloq maktabi yaqiniga qulagandi. Ikki nafar mahalliy fuqaro jarohat olgan.
️ Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Erondan izoh talab qildi va Eron elchisini chaqirtirib, unga norozilik bildirdi. Ozarbayjon Mudofaa vazirligi esa mamlakatning hududiy yaxlitligi va suverenitetini himoya qilish, tinch aholi xavfsizligini ta’minlash uchun zarur javob choralarini tayyorlayotganini ma’lum qildi.
Source: www.gazeta.uz