Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistonning 2026-yilgi yalpi ichki mahsulot (YAIM) o‘sish prognozini 6,5 foizgacha oshirdi. O‘tgan yilning sentabrida bank bu ko‘rsatkichni 6 foiz deb baholagan edi. ️ YeTTBning fevral oyidagi mintaqaviy iqtisodiy istiqbollar sharhiga... ko‘ra, Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish sur’ati 2024-yildagi 5,9 foizdan 2025-yilda 6,9 foizgacha ko‘tarildi. Bu o‘sish iste’mol hajmining ortishi, kreditlashning jadal o‘sishi, barqaror pul o‘tkazmalari va yuqori investitsiyalar bilan izohlanadi. ️ Bank 2026-yilda mintaqada o‘rtacha o‘sish sur’ati bo‘yicha prognozlarini 5,6 foizgacha oshirdi, bu esa Qirg‘iziston va Tojikistondagi yirik investitsiya loyihalari hisobiga amalga oshirildi. Mintaqada o‘sish sur’ati 2027-yilda 5,3 foizgacha pasayishi kutilmoqda. ️ Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonning YAIM o‘sish sur’ati 2024-yilda 6,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda 7,7 foizgacha tezlashdi. 2026-yilda o‘sish 6,5 foizgacha, 2027-yilda esa 6 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda. ️ Sharhda aytilishicha, 2025-yilning yanvar-oktabr oylarida AQShning Xitoydan importi hajmi keskin qisqarishi hisobiga O‘zbekiston, Qozog‘iston va Kot d’Ivuar AQSh importini absolyut raqamlarda eng ko‘p oshirgan mamlakatlar bo‘ldi. Foiz hisobida eng tez o‘sish esa O‘zbekiston, Turkmaniston va Qirg‘izistonga to‘g‘ri keldi. ️ O‘zbekiston va Qozog‘iston AQShga qimmatbaho metallar yetkazib berish bo‘yicha yuqori ulushga ega bo‘ldi. Eksportning o‘sishi nafaqat narxlarning ko‘tarilishi, balki jismoniy yetkazib berish hajmining ortgani bilan ham izohlanadi. Tahlilchilar bu sun’iy intellekt sohasida qo‘llaniladigan komponentlarga talab ortgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi. ️ Jahon banki o‘zining yanvar oyidagi hisobotida 2026-yilda O‘zbekiston YAIM o‘sishi prognozini 6 foizga yaxshiladi. Bank hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2026-yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlar top-3 taligiga kiradi. ️ Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,7 foizga o‘sgan. Mamlakatning davlat budjeti to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq, hukumat 2026-yilda YAIM o‘sishini 6,6 foiz darajasida prognoz qilmoqda.

Source: www.gazeta.uz