Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ O'rta Sharq mintaqasidagi vaziyat munosabati bilan O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatning diplomatik vakolatxonalari fuqarolarni qo'llab-quvvatlash va ularning xavfsizligini ta'minlash bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Buni TIV matbuot xizmati xabar qildi. ️... O'zbekistonning mintaqadagi diplomatik va konsullik muassasalari jamoatchilik-siyosiy va harbiy-siyosiy vaziyatni doimiy (24/7) kuzatishni amalga oshirmoqda. Tashqi siyosat idoralari, huquqni muhofaza qilish organlari, fuqarolik himoyasi xizmatlari va yashash mamlakatlarining aviatsiya ma'muriyatlari bilan doimiy o'zaro hamkorlik o'rnatilgan. ️ Elchixonalar va konsullik muassasalarida issiq liniyalar ishlaydi, shuningdek, TIV Call-markazi faoliyat yuritmoqda. Barcha fuqarolar murojaatlari ro'yxatga olinadi va doimiy nazorat ostida bo'lib, bir qator masalalar operativ tartibda hal etilmoqda. ️ So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, mintaqadan fuqarolardan 2 144 ta murojaat kelib tushgan. Ularga aniq konsullik va moliyaviy yordam ko'rsatilmoqda. Hamvatandoshlar ehtiyot choralari, reyslar holati va harakatlar algoritmi haqida rasmiy saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va guruh kanallari orqali muntazam ravishda xabardor qilinmoqda. ️ Asosiy murojaatlar evakuatsiya, aviareyslarni bekor qilish yoki ko'chirish, vaqtincha yashashni ta'minlash, shuningdek, qolish muddatini uzaytirish bilan bog'liq moliyaviy qiyinchiliklarga oid. Dubay, Sharja va Doha aeroportlarida fuqarolar guruhiga "Vatandosh" jamg'armasi orqali moliyaviy yordam ko'rsatilgan. ️ O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig'i bilan fuqarolarni Vatanga qaytarish bo'yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Vaziyatning rivojlanishi va xavfsizlikni ustuvor ta'minlashni hisobga olgan holda muntazam va qo'shimcha reyslarni amalga oshirish tashkil etilmoqda. Ish doimiy asosda olib borilmoqda. ️ Xususan, Saudiya Arabistonidan tizimli evakuatsiya amalga oshirilmoqda, BAA dan "O'zbekiston havo yo'llari" milliy aviakompaniyasining repatriatsiya reysi ishlab chiqilgan, aviakompaniyalar bilan charter reyslari kelishilmoqda va mintaqa mamlakatlarining aviatsiya regulyatorlari bilan muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda. ️ TIV ta'kidlaganidek, havo makonining yopilishi sharoitida imkoniyatlar cheklangan, ammo ish doimiy rejimda davom etmoqda. ️ Tashqi siyosat idorasining ma'lumotlariga ko'ra, bugungi kunda O'zbekiston fuqarolari orasida mintaqada halok bo'lgan yoki jabrlanganlar yo'q. Vaziyat doimiy nazorat ostida.

Source: kun.uz