Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda ilgari qonunosti hujjatlarida nazarda tutilgan, biroq Soliq kodeksida aks ettirilmagan soliq imtiyozlarini kodeksda mustahkamlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda 5-may kuni prezident huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish yakunida Soliq qo‘mitasi departamenti direktori Aziz Umirzoqov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, amalda tadbirkorlarning qonunosti hujjatlari (prezident farmonlari, qarorlari, hukumat hujjatlari) bilan belgilangan imtiyozlardan foydalangan holatlari uchragan, biroq bu normalar Soliq kodeksida yo‘qligi sababli ularning qo‘llanilishi nizolar, sud muhokamalari va tadbirkorlar uchun qo‘shimcha xarajatlarga sabab bo‘lgan.

“Bu imtiyozlarning barchasini Soliq kodeksida aks ettirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, biroq soliq to‘lovchilarga Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar ushbu imtiyozlardan foydalanish huquqi berildi”, — deya ta’kidladi Soliq qo‘mitasi vakili “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

Bundan tashqari, yig‘ilishda kassa cheklarini berish ustidan jamoatchilik nazorati masalasi muhokama qilindi. Hozirda chek berilmagani haqida soliq organlariga xabar bergan fuqaro undirilgan jarimaning 20 foizi miqdorida mukofot olishi mumkin.

“Bugungi kunda fuqaro soliq organlariga chek, masalan, kassa apparati cheki berilmagani to‘g‘risida xabar bersa, unga undirilgan jarimaning 20 foizi miqdorida mukofot puli to‘lanadi”, — dedi Aziz Umirzoqov.

Uning qayd etishicha, ushbu mexanizmdan nafaqat jamoatchilik nazorati, balki daromad manbai sifatida ham foydalanila boshlangan.

“Shuni tan olish kerakki, ayrim vijdonsiz fuqarolar bundan jamoatchilik nazorati vositasi sifatida emas, balki doimiy daromad manbai sifatida foydalanish holatlari ko‘paydi. Ya’ni, bir shaxs bir oy ichida bitta korxona ustidan atayin 10 dan ortiq shikoyat yo‘llashi mumkin edi”, — deya qayd etdi u.

Soliq qo‘mitasi fuqarolarning qoidabuzarliklar haqida xabar berish huquqini saqlab qolgan holda, mukofot to‘lash sonini cheklashni taklif qilmoqda. “Yangi qoidalarga ko‘ra, soliq organini qoidabuzarliklar to‘g‘risida xabardor qilish huquqi saqlanib qoladi. Lekin fuqaro soliq organlariga ikki martadan ortiq xabar bergan taqdirda ham, mukofot puli oyiga bir martadan ko‘p to‘lanmaydi”, — dedi Umirzoqov.

Biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyevning aytishicha, ikki hafta oldin davlat rahbari tadbirkorlar kayfiyati va ishbilarmonlik muhitiga ta’sir etuvchi muammolarni tizimli o‘rganish bo‘yicha topshiriq bergan. Bu ish yakunlari bo‘yicha uning idorasi 15 ta tizimli masalani taqdim etgan. “Ularning har biri batafsil ko‘rib chiqildi. Aksariyat takliflar qo‘llab-quvvatlangani sababli bu tadbirkorlarning kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini kutmoqdamiz”, — dedi u.

Prezident huzuridagi yig‘ilish yakunida suv va alkogolsiz ichimliklarni raqamli markalash tizimida agregatsiyani joriy etishni kechiktirish, markalash qoidalarini buzganlik uchun jarimalarni kamaytirish va umumiy ovqatlanish hamda savdo uchun qat’iy belgilangan sanksiyalar o‘rnatish, naqd pulsiz to‘lovlar ulushidan qat’i nazar, kafe va restoranlar uchun QQSni 40 foizgacha qaytarishni soddalashtirish kabi choralar qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, peshtoqlar va tashqi reklamani tartibga solishni qayta ko‘rib chiqish, o‘z kartalari o‘rtasidagi o‘tkazmalar uchun komissiyalarni bekor qilish, tadbirkorlar uchun ayrim jarimalarga moratoriy joriy etish, bir qator savdo obyektlari uchun ekologik ekspertiza va kompensatsiya to‘lovlari tartibini yengillashtirish hamda boshqa chora-tadbirlar rejalashtirilmoqda.

Source: www.gazeta.uz