Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maktablarda “aqlli” kameralar sinov tariqasida o‘rnatilmoqda. Ular davomatni samarali nazorat qilish uchun qo‘shimcha vosita sifatida ishlatiladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ushbu tashabbus ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilinganidan keyin vaziyatga izoh berdi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, har kuni o‘quvchilarning davomati sinf rahbarlari va o‘qituvchilar tomonidan “e-maktab” platformasi orqali qayd etiladi.
Agar o‘quvchi uzrsiz sababsiz darslarni qoldirsa, maktab inspektori-psixologi ota-onalarga rasmiy ogohlantirish xati yuboradi. Unda bolaning muntazam ravishda darslarga qatnashishini ta’minlash talab qilinadi, aks holda yuridik javobgarlik yuzaga kelishi mumkinligi tushuntiriladi.
Vazirlik ta’kidlashicha, tizimli ravishda dars qoldirish holatlari aniqlanganda, ota-onalar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga (Bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik) asosan javobgarlikka tortilishi mumkin.
“Aqlli” kameralar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ba’zi maktablarda sinov tariqasida o‘rnatilgan bo‘lib, ular maktab ma’muriyatiga o‘quvchilarning darslarda ishtirokini kuzatish, shuningdek, ota-onalarga bolaning maktabdagi holatini onlayn nazorat qilish va uning xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi.
Source: kun.uz