Toshkent shahar hokimligi poytaxtning markaziy qismini, xususan, “Brodvey” nomi bilan tanilgan Sayilgoh ko‘chasi va unga tutash hududlarni kompleks rivojlantirish rejalarini e’lon qildi. Loyiha piyodalar infratuzilmasi, sayr qilish zonalari, yashil maydonlar va xavfsiz jamoat joylarini yaxshilashga qaratilgan.
Reja doirasida Sayilgoh ko‘chasi, unga tutash xiyobon, yashil zonalar va piyodalar o‘tish yo‘laklari qamrab olinadi. Shahar infratuzilmasi elementlari – yoritish, sug‘orish va xavfsizlik tizimlari ham yangilanadi. Hokimlik loyiha “Yagona dizayn kod va hududni kompleks rivojlantirish tamoyillariga asoslangan”ligini ta’kidlab, tayyorgarlik jarayonida aholi va professional hamjamiyat takliflari o‘rganilishini ma’lum qildi.
“Hudud ochiq shahar muhiti xususiyatini saqlab qoladi. Ko‘cha rassomlari va ijodiy jamoatchilik vakillari ushbu makonning bir qismi bo‘lib qolaveradi. Loyihaning vazifasi jonli shahar faolligini yo‘qotish emas, balki uni tartibga solish, muhitni qulay, hammabop va xavfsiz qilishdir”, – deya qo‘shimcha qildi ma’muriyat.
Loyiha doirasida mavjud daraxtlar tekshiruvdan o‘tkazilib, mutaxassislar nazoratida saqlanadi. Shuningdek, kamida 1000 tup yangi daraxt, buta va manzarali o‘simliklar ekish rejalashtirilgan. “Brodvey” va xiyobonni “zebra” o‘rniga qurilgan ikkita yerosti o‘tish yo‘lagi ajratib turadi.
Eslatib o‘tamiz, mart-aprel oylarida Sayilgoh ko‘chasi boshlanadigan Amir Temur xiyoboni rekonstruksiya qilingan edi. Biroq xiyobon Brodvey va uning atrofidagi trotuarlardan yerosti o‘tish yo‘llari bilan ajratib qo‘yilgan. Gazeta shahar markazini haqiqatda piyodalarga mo‘ljallangan hududga aylantirish uchun qulay va xavfsiz (qisqa va svetoforli) yerusti o‘tish yo‘laklarini qaytarishga hokimlikni chaqirgan edi.
Source: www.gazeta.uz