Migratsiya agentligi o‘zbekistonlik oliy ma’lumotli hamshiralarni Italiyaning Milan shahriga ishga taklif etmoqda. Bu haqdagi e’lon agentlikning “Xorijda ish” Telegram kanaliga joylandi.
Ma’lum qilinishicha, “Oliy hamshiralik ishi” diplomiga ega 45 yoshgacha bo‘lgan hamshiralar Italiyaning Milan shahrida ishga joylashtirish dasturiga jalb etilmoqda. Dastur doirasida ishtirokchilar Italiyaning Perugia University bilan hamkorlikda tashkil etilgan italyan tili kurslarida 7 oy davomida onlayn tahsil oladi.
Migratsiya agentligi o‘qish xarajatlarini qoplab beradi (oyiga 550 yevro). Kursni muvaffaqiyatli yakunlaganlar Italiyaning Milan shahridagi nufuzli klinikalarda oyiga 1800 yevro maoshli ish bilan ta’minlanadi. Ishtirokchilarga yotoq joy ham taqdim etiladi.
Migratsiya agentligiga ko‘ra, dastur allaqachon ishga tushirilgan bo‘lib, ilk ishtirokchilar Italiya tibbiyoti standartlari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tishga ulgurgan.
Dasturda qatnashish uchun ariza onlayn shakl orqali qabul qilinmoqda. Qo‘shimcha ma’lumotni 71−202−33−55 (535) raqami orqali olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish va xorijdagi yuqori haq to‘lanadigan ishlar uchun kadrlar tayyorlashni kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Xorijdagilar allaqachon 100 mingdan ortiq mutaxassisga talabnoma yuborgan. Hukumat til o‘rganish va imtihonlar xarajatlarini qoplashni taklif qilmoqda.
Source: www.gazeta.uz