Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) Bosh prokuratura huzuridagi departament va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi bir qator tezkor tadbirlar o‘tkazdi. Natijada bir necha mansabdor shaxslar pora olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
Xorazm viloyatida IIB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi kichik inspektori Xonqa tumanida yashovchi fuqaroning tanishini ichki ishlar tizimiga ishga joylashtirish evaziga 4500 dollar talab qilgan. U so‘ralgan pulning 1800 dollarini va 2,4 million so‘mini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Toshkent viloyatida tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi metodisti xususiy oilaviy bog‘cha ochmoqchi bo‘lgan fuqaroga sanitariya talablariga moslik uchun 1,5 million so‘m, yong‘in xavfsizligi xulosasi uchun esa 200 dollar talab qilgan. Metodist pulni olayotganda ushlangan, keyingi tadbirda esa 200 dollarni undan qabul qilgan tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi katta inspektori ham qo‘lga olingan.
Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumanida yashovchi ayol Kegeyli tumanidagi fuqaroning yoshga doir nafaqasini rasmiylashtirishda ish stajini ko‘paytirib berishni va’da qilib, 7 million so‘m olayotgan vaqtida ushlangan. U bu ishni Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida mas’ul lavozimda ishlovchi o‘g‘li orqali hal qilmoqchi bo‘lgan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz