5-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ishbilarmonlik muhitiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan va tadbirkorlar hamda aholi o‘rtasida norozilikka sabab bo‘layotgan belgilar masalasi muhokama qilindi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ba'zi hollarda korxona nomi, faoliyat turi yoki tovar belgisi ko‘rsatilgan belgilar reklama sifatida baholanib, alohida pasport rasmiylashtirish va to‘lovlarni amalga oshirishni talab qiladi. Bu tadbirkorlar uchun qo‘shimcha ma'muriy yuk yaratib, savdo va xizmat ko‘rsatish ob'ektlarining tanilishiga, mijozlar oqimi va daromadiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan binoda joylashtirilgan tadbirkorlik sub'ekti nomi va uning faoliyat turi haqidagi ma'lumotni reklama deb baholamaslik va buning uchun pasport rasmiylashtirishni bekor qilish taklif etildi.
Shuningdek, reklama va boshqa axborot belgilarini joylashtirishga dizayn talablarini tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etish, yuridik shaxslarga tegishli transport vositalarida tovar belgisini joylashtirish tartibini soddalashtirish tashabbusi ilgari surildi.
Prezident tadbirkorlik uchun ortiqcha to‘siqlarni kamaytirish zarurligini ta'kidladi.
Source: kun.uz