Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 2-may kuni Toshkentda o‘tkazilgan taqdirlash marosimida “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasidagi “Milliy tanlov”ning ming nafarga yaqin g‘olibiga mukofotlar topshirildi. Mazkur loyiha 2025-yil noyabrida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan start olgan bo‘lib, “Bir million o‘zbek dasturchi” loyihasining mantiqiy davomi hisoblanadi.

Tanlov g‘oliblari aileaders.uz saytidagi faolligiga ko‘ra aniqlandi. Ishtirokchilar platformadan ro‘yxatdan o‘tib, to‘rtta moduldan iborat 3000 dan ziyod o‘zbek tilidagi kurslardan birini tanlab, onlayn bilim olgan. Har bir kurs oxirida test topshirilgan va muvaffaqiyatli o‘tganlarga sertifikat berilgan.

“Eng faol oliy ta’lim tashkiloti” nominatsiyasida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 100 million so‘m, Buxoro davlat texnika universiteti 50 million so‘m, Buxoro davlat universiteti 25 million so‘m mukofot oldi. Shuningdek, “Eng faol ishtirokchi”, “Eng faol informatika fani o‘qituvchisi” va “Eng faol maktab” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar taqdirlandi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov loyiha yil sayin ommalashib borayotganini ta’kidladi. O‘tgan yili “Bir million dasturchi” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihalarida 640 mingdan ortiq kishi qatnashib, sertifikat olgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Prezident sun’iy intellektdan nafaqat foydalanuvchi, balki yaratuvchi bo‘lish vazifasini qo‘ygan.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori Baxtiyor Mahkamov loyiha talabalarga motivatsiya berganini, g‘oliblikka erishishda professor-o‘qituvchilar va talabalar mashaqqati yotishini aytdi. Zarafshon shahridagi 13-maktab direktori Zilola Hotamova esa maktabining “Eng faol maktab” nominatsiyasida bosh sovrinni yutganidan faxrlanishini bildirdi.

Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 7-maktab informatika fani o‘qituvchisi Akbarali Yusupov 1993-yildan beri dars berib kelayotganini va bu safar xorijga sayohat yo‘llanmasi bilan taqdirlanganini qayd etdi. U AQSh va Koreya kabi IT sohasi rivojlangan davlatlarga borib, tajriba o‘rganishni istaydi.

Source: www.gazeta.uz