Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Turkiya parlamenti 15 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi qonun loyihasini ma’qulladi. Ushbu qaror mahalliy OAVga tayanib, Associated Press tomonidan tarqatildi.

Qonun loyihasi ijtimoiy tarmoq kompaniyalariga yoshni tekshirish tizimlarini joriy etish va ota-onalar nazorati vositalarini taqdim etish majburiyatini yuklaydi. Shuningdek, platformalar zararli deb topilgan kontentni tezkorlik bilan olib tashlashi kerak bo‘ladi. Yangilik YouTube, TikTok, Facebook, Instagram kabi barcha yirik platformalarga taalluqli.

Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an hujjatni 15 kun ichida imzolashi kerak, shundan so‘ng qonun kuchga kiradi. Avvalroq Erdog‘an Kahramanmarash shahridagi maktab otishmasidan keyin bolalar xavfsizligi va shaxsiy ma’lumotlari daxlsizligi uchun onlayn xatarlarni kamaytirish zarurligini ta’kidlagandi.

“Biz ayrim raqamli ma’lumot almashish ilovalari bolalarimiz ongini buzayotgan, ijtimoiy tarmoq platformalari esa, ochiq aytadigan bo‘lsak, yovuzlik uyasiga aylangan davrda yashayapmiz”, — degan edi u 20-apreldagi televizion murojaatida.

Muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP/CHP) qonun loyihasini tanqid qilib, bolalarni “taqiqlar bilan emas, balkin inson huquqlariga asoslangan siyosat bilan” himoya qilish kerakligini bildirdi.

Qonunning qabul qilinishiga Turkiyada so‘nggi oylarda sodir bo‘lgan maktab otishmalari sabab bo‘ldi. 14-aprel kuni Shanliurfa viloyatidagi litseyda 19 yoshli o‘smir otishma uyushtirib, 16 kishini (10 o‘quvchi, 4 o‘qituvchi, 1 politsiyachi va 1 oshxona xodimi) jarohatlagan. 15-aprel kuni esa Kahramanmarash shahridagi maktabda 8-sinf o‘quvchisi tomonidan uyushtirilgan otishmada 9 kishi halok bo‘lib, 13 kishi yaralangan.

16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash chorasini ilk bor 2025-yil dekabrida Avstraliya joriy etgan edi. Hozirda bunday choralar Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya va Daniyada ham ko‘rib chiqilmoqda.

Source: www.gazeta.uz