UzAuto Motors aksiyadorlik jamiyati Chevrolet Cobalt avtomobillariga bo‘lgan yuqori talabni inobatga olib, 28-aprel kuni soat 10:00 dan boshlab barcha komplektatsiyalar uchun onlayn kontraktatsiya jarayonini yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniya Telegram kanalida xabar berdi.
Kompaniya mijozlardan tushayotgan ko‘plab murojaatlarni hisobga olgan holda ushbu qarorni qabul qilgan. Kontraktatsiya jarayoni barcha mijozlar uchun ochiq bo‘lib, barcha komplektatsiyalarni qamrab oladi. Shartnomalarni UzAutoSavdo sayti orqali onlayn rasmiylashtirish yoki rasmiy dilerlik markazlariga murojaat qilish mumkin.
Mijozlar, shuningdek, UzAvtoSavdo mobil ilovasi va Telegram bot orqali navbatni kuzatish hamda mavjud avtomobillar haqida tezkor ma’lumot olish imkoniyatiga ega. Tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lov 7 kalendar kun ichida amalga oshirilishi lozim.
Kontraktatsiya jarayonida xavfsizlik choralariga alohida e’tibor qaratilgan. Tuzilgan shartnomalarda maxsus QR-kod mavjud bo‘lishi shart bo‘lib, u hujjatning haqiqiyligini tasdiqlaydi. Kompaniya ta’kidlashicha, bunday QR-kodga ega bo‘lmagan shartnomalar UzAuto Motors va Chevrolet rasmiy dilerlariga aloqador hisoblanmaydi.
Shu munosabat bilan mijozlardan shartnoma rasmiylashtirishda hujjatda QR-kod mavjudligini albatta tekshirish va ehtiyotkor bo‘lish so‘raldi. Ushbu chora firibgarlik holatlarining oldini olishga qaratilgan.
Source: www.gazeta.uz