Rossiyaning Novosibirsk shahrida og‘ir ahvolda qolgan ikki nafar ayol va ularning farzandlari O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Migratsiya agentligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ayollardan birining 5 nafar, ikkinchisining esa 2 nafar farzandi bo‘lib, bolalarning birortasida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan. Ularning barchasi og‘ir moddiy va ijtimoiy sharoitda qolgan.
Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi hamda Bosh konsulxonasi tomonidan vaziyat nazoratga olingan. Tegishli tashkilotlar hamkorligida tashkiliy masalalar hal etilgan.
Bolalar uchun vatanga qaytish guvohnomalari rasmiylashtirilib, aviachiptalar xarid qilindi. Ayollar va ularning farzandlari xavfsiz tarzda O‘zbekistonga olib kelindi.
Bundan 3 kun oldin — 21-aprel kuni Rossiyadan ota-ona qaramog‘isiz qolgan 6 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarilgandi. Ular oilalari bag‘riga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi oxirida Rossiyada ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 14 nafar bola vatanga olib kelingan edi. Fevral oyida esa ikkita reys bilan Rossiyaning turli hududlarida qarovsiz qolgan jami 12 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgan.
Source: www.gazeta.uz