Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida jamoat transporti tizimini yaxshilash maqsadida 240 ta avtobus xarid qilinib, 16 ta yangi yo‘nalish tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining qurilish, kommunal, suv xo‘jaligi, ekologiya, sanoat va transport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining 23-apreldagi qarorida qayd etilgan.

Qarorda poytaxt jamoat transportidagi bir qator muammolar sanab o‘tilgan. Xususan, tirbandlik vaqtlarida avtobuslarni kutish vaqti sezilarli darajada oshib, ayrim hollarda 35-40 daqiqagacha cho‘zilayotgani aholiga noqulaylik tug‘dirmoqda. Shuningdek, ayrim yo‘nalishlarda harakat intervallarining uzayishi natijasida jamoat transportidan foydalanish imkoniyatlari cheklanmoqda.

Shaharda ajratilgan avtobus yo‘laklari yetarli darajada rivojlanmagan. Hozirgi kunda ular shahar magistral yo‘llarining atigi 18,5 foizini tashkil etadi, bu esa jamoat transporti harakati tezligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 753 ta bekatda umuman konstruksiyalar yo‘q, yana 836 tasi esa yetarli sharoitlar bilan ta’minlanmagan.

Transport harakatini real vaqt rejimida kuzatish va dispetcherlash tizimlari samaradorligi ham yetarli darajada emas. Natijada harakatni boshqarish va tezkor qaror qabul qilish imkoniyatlari cheklanmoqda.

Qarorda qayd etilishicha, jamoat transporti ulushining pastligi aholining katta qismi shaxsiy avtomobillardan foydalanishiga olib kelmoqda. Bu esa o‘z navbatida shaharda tirbandliklarning yanada kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.

Mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida qator chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, qo‘shimcha 240 ta avtobus xarid qilinib, harakat tarkibi kengaytiriladi. Shu bilan birga, 16 ta yangi yo‘nalish tashkil etish va kunlik qatnovlar sonini yana 2000 taga oshirish ko‘zda tutilgan. Qarorda avtobuslar modeli va sig‘imi aytilmagan.

Jamoat transportiga ustuvorlik berish maqsadida 16,2 kilometr BRT yo‘laklari hamda 56 kilometr ajratilgan avtobus yo‘laklari tashkil etiladi. Ushbu yo‘laklarda nazoratni kuchaytirish uchun 600 dan ortiq kameralar o‘rnatish rejalashtirilgan.

Bekat infratuzilmasini yaxshilash doirasida 1116 ta bekat rekonstruksiya qilinib, yana 70 ta yangi bekat quriladi. Shuningdek, intellektual transport tizimini joriy etish, jumladan, 545 ta “aqlli” svetofor o‘rnatish orqali transport harakatini real vaqt rejimida boshqarish yo‘lga qo‘yiladi.

2025-yil oktabrda Transport vazirligi 2026-yilda qo‘shimcha 1000 ta avtobus olib kelinishini ma’lum qilgandi. Bunda avtobuslarning 30 tasi o‘ta katta sig‘imli (18 metr), 500 tasi katta sig‘imli (12 metr), 470 ta o‘rta sig‘imli (9 metr) bo‘lishi aytilgandi.

Source: www.gazeta.uz