Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 7-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni ma’qulladi. Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonovning ma’lum qilishicha, hujjatda ilk bor asosiy tushunchalar — yo‘llarni rekonstruksiya qilish, saqlash va ta’mirlash, yo‘l egalari va ixtisoslashtirilgan tashkilotlar, yo‘lbo‘yi infratuzilmasi, pulli yo‘llar, operatorlar va to‘lov punktlari aniq mustahkamlab qo‘yilmoqda. Bu sohadagi turli talqinlar va huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etishi kerak.

Shu bilan birga, asosiy tamoyillar joriy etilmoqda: barcha ishlar qonun doirasida bajarilishi, yo‘llar ilmiy hisob-kitoblar asosida loyihalashtirilishi, qarorlar shaffof qabul qilinishi, harakat xavfsizligi va ekologik talablarga qat’iy rioya qilinishi shart. Shuningdek, fuqarolarning yo‘l infratuzilmasidan teng va qulay foydalanish huquqi mustahkamlanmoqda. Asosiy yangiliklardan biri pulli yo‘llarni tashkil etish imkoniyatini belgilovchi normaning mustahkamlanishi bo‘ldi. Bunda adolat tamoyili joriy etiladi: pulli yo‘l faqat bepul muqobili mavjud bo‘lgandagina paydo bo‘lishi mumkin, marshrutni tanlash esa haydovchining ixtiyorida qoladi. “Boshqacha aytganda, hech kim pulli yo‘ldan foydalanishga majburlanmaydi”, — dedi senator.

Qonunda, shuningdek, ularning faoliyat yuritish mexanizmi — davlat-xususiy sheriklik asosida yaratish va moliyalashtirishdan tortib, to‘lovlarni avtomatlashtirilgan tarzda undirish hamda foydalanuvchilar va operatorlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishgacha batafsil bayon etilgan. Qonun loyihasida pulli yo‘llarda yurish haqini to‘lamaganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi 128−11-moddani kiritish ham ko‘zda tutilgan edi. Bu xususiy sarmoyalarni jalb etish, budjetga tushadigan yuklamani kamaytirish va yo‘l infratuzilmasi sifatini oshirish imkonini berishi kutilmoqda.

Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi sohadagi maxsus vakolatli organ etib belgilandi. Bunda Transport vazirligi va IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining vakolatlari mustahkamlanib, davlat siyosati yagona tizim doirasida amalga oshiriladi. Ishlab chiquvchilarning fikricha, bu vazifalarning takrorlanishiga barham beradi va sohadagi mas’uliyatni oshiradi. Bundan tashqari, yo‘llarda sun’iy to‘siqlar va notekisliklar yaratish taqiqlanadi, og‘ir vaznli va yirik hajmli transport vositalarining harakatlanishi esa faqat maxsus ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi. “Bu choralar yo‘l qoplamasini asrash, avariyalar sonini kamaytirish va odamlar hayotini himoya qilishga qaratilgan”, dedi Burhonov.

2024-yilda kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash chog‘ida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llariga yetkazilgan zararni bartaraf etish uchun 500 ga yaqin holat bo‘yicha 80 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Bundan tashqari, og‘ir vaznli yuk avtomobillarining belgilangan vazn me’yorlariga rioya qilmasligi oqibatida 3500 km yo‘llarda to‘lqinsimon deformatsiyalar (“garmoshka”) paydo bo‘lgan. Qayd etilishicha, qonunni tayyorlashda Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Xitoy, Fransiya va Italiya tajribasi o‘rganilgan. Xususan, Burhonov ta’kidlaganidek, Qozog‘istonda Katta Olmaota halqa avtomobil yo‘lining davlat-xususiy sheriklik asosida qurilishi shahardagi transport yuklamasini sezilarli darajada kamaytirish imkonini bergan. Janubiy Koreyada esa yo‘l yig‘imlari nafaqat infratuzilmaning o‘zini qoplashini, balki budjetga daromad keltirishini ham ta’minlaydi, dedi u.

Ishlab chiquvchilarning fikricha, bunday modellar, agar to‘g‘ri tartibga solinsa, pulli yo‘llar jamiyat manfaatlariga samarali xizmat qilishi mumkinligini tasdiqlaydi. Qonun loyihasida, shuningdek, yo‘l xo‘jaligi faoliyatini rejalashtirish tizimini joriy etish: to‘siqsiz muhit yaratish, piyodalar xavfsizligini ustuvor vazifa sifatida belgilash, xalqaro standartlarga muvofiq zamonaviy yo‘lbo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va loyihalar amalga oshiriladigan hududlar aholisining fikrini inobatga olish choralari nazarda tutilgan. Avtomobil yo‘llari uchun ajratilgan mablag‘lar qat’iy maqsadli bo‘lib, boshqa ehtiyojlarga sarflanishi mumkin emas. Yo‘llarni loyihalash, qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish nafaqat davlat budjeti hisobidan, balki davlat-xususiy sheriklik doirasida xususiy sarmoyalarni jalb etish orqali ham amalga oshiriladi. Bundan tashqari, yo‘l tarmog‘ini soz holatda saqlash va uning uzoq muddatli ekspluatatsiyasini ta’minlash choralari mustahkamlanmoqda.

Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov qonun loyihasini Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqish chog‘ida tirbandliklarni kamaytirish, o‘tkazuvchanlikni oshirish va sifatli xizmat ko‘rsatish imkonini beradigan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari tarmog‘ini yaratish, shuningdek, ushbu sohaga xususiy sektorni jalb qilish masalalari haligacha tartibga solinmaganini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi qonun (2007-yilda qabul qilingan) bugungi kunda bu masalalarni huquqiy jihatdan to‘liq hal etishga imkon bermayapti.

Source: www.gazeta.uz