️ Toshkentda ikki operativ xodim pora olgani uchun qo‘lga olindi. Buni Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
️ 44 yoshli Olmazor tumani aholisidan 3 gramm gashish topilgan. Shu sababli tergov ishlari boshlangan. Shayxontohur tumani IIV Jinoyat qidiruv bo‘limi katta operativ xodimi Toshkent IIV Jinoyat qidiruv boshqarmasi katta operativ vakili bilan kelishib, fuqarodan jinoyat javobgarligiga tortilmaslik uchun 2200 dollar talab qilgan. U shartlashilgan summadan 1000 dollarni oldin olgan.
️ Qolgan 1200 dollarni operativ xodim o‘z xizmat kabinetida olayotganda Toshkent shahar DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Toshkent IIV Jinoyat qidiruv boshqarmasining katta operativ xodimi ham protsessual tartibda qo‘lga olingan.
️ Toshkent shahar prokuraturasi xodimlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi (Pora olish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ularga nisbatan qamoqqa olish choralari qo‘llangan. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.
️ Ilgari prokuratura xodimi ham qo‘lga olingan edi. U 276 million so‘mlik elektr energiyasini noqonuniy foydalanish holati bo‘yicha chora ko‘rilmasligi va “tanishlar orqali masalani hal qilish” uchun 9000 dollar talab qilgan.
Source: kun.uz