️ O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-martdagi farmoni bilan xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, shuningdek, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqladi.
️ Farmon bilan oila va xotin-qizlar markazlari qoshidagi maxsus kurslarda nikohlanuvchilarni bepul o‘qitish darajasini 2030-yilga kelib 100 foizga yetkazish maqsadi qo‘yilgan.
️ 1-apreldan boshlab, himoya orderi olgan jabrlanuvchi ayollarning aloqa vositalariga “SOS” tugmasi o‘rnatiladi. Bu ilova tazyiq holatlari haqida zudlik bilan xabar berish imkonini ta’minlaydi.
️ Joriy yildan ichki ishlar organlari zo‘ravonlik sodir etgan shaxsda ruhiy kasallik bor deb gumon qilishga asoslar mavjud bo‘lganda, majburiy ambulator psixiatrik ko‘rikdan o‘tkazadi.
️ 1-noyabrdan boshlab Jinoyat kodeksining oltita moddasi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov ishlari faqat prokuratura organlari tomonidan o‘tkaziladi.
️ Farmon bilan uch oy muddatda voyaga yetmaganlarning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar uchun ilgari sudlangan shaxslar tomonidan jinoyatlar sodir etilgan taqdirda jazo belgilash to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorlash topshirildi.
️ Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda shahvoniy shilqimlik uchun sanksiyalarni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
️ 2027-yil 1-yanvardan xotin-qizlar va bolalarga nisbatan tazyiq hamda zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish va ko‘rib chiqish, qoida tariqasida, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Source: www.gazeta.uz