Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Aprelda O‘zbekistonda oylik inflyatsiya ko‘rsatkichi o‘zgarishsiz saqlanib, 0,6 foizni tashkil etdi. Bu Milliy Statistika qo‘mitasi ma’lumotlaridan kelib chiqadi.

Yillik hisobda narxlar o‘sishi 7 foizgacha sekinlashdi (mart oyida — 7,1 foiz). O‘tgan yilning aprel oyida yillik inflyatsiya 10,1 foizni (oylik ko‘rsatkich 0,7 foiz) tashkil qilgan edi.

Yillik hisobda sug‘urtalash va moliyaviy xizmatlar (2025-yil aprel oyiga nisbatan +41,7 foiz), turar joy va kommunal xizmatlar (+17,2 foiz), restoran va mehmonxona xizmatlari (+8,6 foiz) eng ko‘p qimmatlashdi. Ta’lim xizmatlari (+1,7 foiz), uy-ro‘zg‘or buyumlari (+2,3 foiz) hamda kiyim va poyabzal narxlari (+2,6 foiz) eng sekin o‘sdi.

Oy davomida asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan qo‘y go‘shti — 3,7 foizga (2025-yil aprel oyiga nisbatan +20,3 foiz), suyakli mol go‘shti — 3,2 foizga (+16,6 foiz), suyaksiz mol go‘shti — 3,2 foizga (+17,3 foiz), go‘sht qiymasi — 2,9 foizga (+14,1 foiz), shakar — 2,2 foizga (+2,1 foiz), tirik va sovutilgan baliq — 2,0 foizga (+6,2 foiz), o‘simlik yog‘i — o‘rtacha 0,8 foizga (+10,6 foiz) va sut narxlari o‘rtacha 0,4 foizga (+5,6 foiz) oshdi.

Qo‘mitaning aniqlik kiritishicha, aprel oyida import mol go‘shti narxlarida bir kg uchun 5 000 so‘mdan 15 000 so‘mgacha bo‘lgan oraliqda o‘sish, mahalliy mol go‘shti narxlarida bir kg uchun 2 000 so‘mdan 5 000 so‘mgacha bo‘lgan oraliqda o‘sish kuzatildi.

Oy davomida asosan tuxum — 3,6 foizga (2025-yil aprel oyiga nisbatan +16,7 foiz), guruch va guruch oqshog‘i — 1,1 foizga (-12,8 foiz), parranda go‘shti — 1,2−1,3 foiz oralig‘ida (+4,6 — +5,7 foiz) narxlari pasaydi.

Asosiy meva-sabzavot mahsulotlaridan bulg‘or qalampiri — 10,3 foizga (2025-yil aprel oyiga nisbatan -4,0 foiz), kartoshka — 6,5 foizga (+18,9 foiz), olma — 4,5 foizga (+23,3 foiz), sabzi — 3,2 foizga (-10,4 foiz) qimmatlashdi. Bodring — 26,1 foizga (-8,9 foiz), ko‘katlar — 3,3 foizga (-4,5 foiz), piyoz — 2,7 foizga (-21,5 foiz), pomidor — 2,4 foizga (-7,7 foiz), karam — 2,4 foizga (-9,8 foiz), banan — 1,3 foizga (+3,9 foiz) arzonlashdi.

Oy davomida benzin narxlari 1,4 foizga (2025-yil aprel oyiga nisbatan +11,2 foiz) oshdi. Bunda, benzinning AI-92 markasi — 1,6 foizga, AI-95 markasi — 0,9 foizga, AI-98 va AI-100 markalari esa — 0,2 foizga qimmatlashdi. Propanning narxi oy davomida 2,8 foizga (+16,7 foiz) arzonlashib, 1 litr uchun yuqori narx chegarasi 7 000 so‘mni tashkil etdi. Metan narxi 0,7 foizga (+27,9 foiz) oshib, 1 m.kub uchun yuqori narx chegarasi 5 400 so‘mni tashkil etdi.

Avtoturargohlar xizmati 0,8 foizga (+11,8 foiz) qimmatlashdi.

Aprelda asosiy kommunal xizmatlardan faqat maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari uchun tariflar o‘rtacha 2,4 foizga (2025-yil aprel oyiga nisbatan +28,0 foiz) qimmatlashdi.

Oy davomida uy-joy ijarasi to‘lovi 0,6 foizga (+2,5 foiz) oshdi.

Source: www.gazeta.uz