O‘zbekistonda 1−8-may kunlari o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida bolalarni transport vositalarida me’yordan ortiq tashish bilan bog‘liq 125 ta qoidabuzarlik aniqlandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev ma’lum qildi.
Uning aytishicha, ayrim holatlarda Damas rusumli avtomobillarda 23−25 nafargacha bog‘cha bolasi tashilgan. Shuningdek, Spark avtomobillarida 18 nafar bolani olib ketish holatlari ham kuzatilgan.
“Damas yetti o‘rinli bo‘lsa, 28 ta bola — bu nima degan gap? Ertaga biror avariya bo‘lsa, kim javob beradi?” — dedi u.
Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, bu kabi holatlar asosan xususiy va oilaviy bog‘chalarda kuzatilmoqda. U bolalar xavfsizligi uchun, avvalo, ota-onalar mas’ul ekanini qayd etdi.
“Ota-onalar e’tiborsizlik qilib, farzandlarini shunday holatda yuboryapti”, — dedi YHXX vakili.
YHXX vakili bu muammoni hal qilish uchun mahallalarda targ‘ibot ishlarini kuchaytirish zarurligini aytdi. Uning fikricha, ota-onalar bilan tushuntirish ishlarini faolroq olib borish kerak.
Yo‘ldoshev Maktabgacha va maktab vazirligi bilan hamkorlikda bog‘chalar orasida targ‘ibot ishlari olib borilyotgani, bundan tashqari, muammoni hal qilish yo‘llari ham ko‘rib chiqilayotganini qayd etdi.
Avvalroq Navoiy viloyatida 14 nafar bog‘cha bolasi bo‘lgan Matiz halokatga uchradi. Rulda haydovchilik guvohnomasi olmagan oilaviy bog‘cha rahbari bo‘lgan. Hodisa oqibatida ayol vafot etdi, bolalar turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.
Source: www.gazeta.uz