O‘zbekiston hududida anormal iliq ob-havodan so‘ng yomg‘ir, momaqaldiroq va kuchli shamol kutilmoqda. 10-may kuni havo harorati ayrim joylarda 20 darajagacha pasayadi.
Bugun kunduzi O‘zbekiston hududida quruq va juda iliq ob-havo kutilmoqda. Havo harorati 34–37 daraja, janubiy tumanlarda 39 darajagacha yetadi. Shimoliy-g‘arbiy tumanlarda biroz salqinroq – 28–33 daraja bo‘ladi.
9-may kuni mamlakatning katta qismida yog‘insiz ob-havo saqlanadi. Kunning ikkinchi yarmida Buxoro, Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlarining ayrim tumanlarida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzgi havo harorati 28–33 darajagacha pasayadi.
10-may kuni O‘zbekistonning katta qismida yomg‘ir, ayrim joylarda momaqaldiroq bilan o‘tadi. Ayrim tumanlarda kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin. Nisbatan salqin ob-havo kutiladi – kunduzi havo harorati 20–25 daraja bo‘ladi.
11-may kuni Toshkent viloyati, Farg‘ona vodiysi hududlari, shuningdek, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida tunda va ertalab ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kutiladi. Qolgan hududlarda yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Havo harorati 2–3 darajaga ko‘tariladi.
9-may kuni shimol va cho‘l zonasida, 10–11-may kunlari esa respublikaning ayrim joylarida shamolning tezligi sekundiga 15–20 metrgacha kuchayishi kutilmoqda. Ayrim tumanlarda shamol tezligi sekundiga 23–25 metrga yetishi mumkin. Chang-to‘zon hodisalari kuzatilishi mumkin.
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, 10–11-may kunlari ayrim joylarda kuchli, momaqaldiroq bilan o‘tadi. Sel va toshqin hodisalari yuz berishi mumkin.
Toshkentda 8–9-may kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. 8-may kuni havo harorati 34–36 daraja, 9-may kuni 30–32 daraja bo‘ladi.
10-may kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzgi havo harorati 20–22 daraja.
11-may kuni qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq prognoz qilinmoqda. Havo harorati 23–25 daraja bo‘ladi. Sharqiy shamol g‘arbiy shamolga o‘tadi – sekundiga 3–8 metr, ayrim joylarda sekundiga 10–12 metrgacha kuchayishi mumkin. 9-may kuni poytaxtning ayrim tumanlarida chang-to‘zon hodisalari kuzatilishi mumkin.
Source: kun.uz