O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 2026-yil 1-may holatiga 70,9 mlrd dollargacha ko‘paydi. Bu Markaziy bank ma’lumotlaridan kelib chiqadi.
Mart oyida zaxiralar hajmi 8,1 mlrd dollarga (-10,5 foiz) qisqarib, 68,99 mlrd dollarni tashkil etgandi. Bunga dunyo bozorida oltin narxining tushib ketgani asosiy sabab bo‘ldi.
Aprelda zaxiralar o‘sishi asosan xorijiy valyutadagi aktivlar hajmi ortishi hisobiga tiklana boshladi. Xususan, yil boshidan buyon kamayib kelayotgan xorijiy valyutadagi aktivlar oy davomida 1,15 mlrd dollarga ko‘paydi.
Mart oyida zaxiralardagi oltinning qiymati 6,8 mlrd dollarga — 60,8 mlrd dollargacha kamaygan edi. Aprelda bu ko‘rsatkich 61,6 mlrd dollargacha o‘sdi (+0,7 mlrd dollar). Ayni paytda oltinning fizik hajmi 13,4 mln troy unsiyadan 13,3 mln troy unsiyagacha kamaydi.
Xalqaro standartlarga ko‘ra, O‘zbekiston zaxiralari darajasi juda yuqoriligicha qolmoqda. Markaziy bank avvalroq zaxiralar tarkibida oltin ulushining yuqoriligi aktivlarni boshqarishdagi konservativ yondashuvni aks ettirishini ta’kidlagan edi. Shu bilan birga, regulyator qimmatbaho metallar narxining o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq xatarlarni hisobga olgan holda, portfelni bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilishni boshladi.
Xalqaro zaxiralar makroiqtisodiy barqarorlikning asosiy vositasi bo‘lib qolmoqda. Ular milliy valyuta kursining tebranishlarini yumshatish, tashqi majburiyatlarga xizmat ko‘rsatish, inqirozli vaziyatlarda importni moliyalashtirish hamda iqtisodiyotni tashqi shoklardan — xomashyo narxlarining tushishidan tortib, moliya bozorlaridagi turbulentlikkacha bo‘lgan xavflardan himoya qilish imkonini beradi.
Source: www.gazeta.uz