Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda tijorat banklari tomonidan 21,2 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 24 foizga ko‘pdir. Kreditlarning 72 foizi birlamchi bozorda uy-joy sotib olishga yo‘naltirilgan.
Ipoteka portfelining umumiy qoldig‘i 79,4 trillion so‘mga yetib, 2017-yilga nisbatan 8,2 barobarga oshgan. Shu bilan birga, dastlabki to‘lov miqdori 50 foizdan yuqori bo‘lgan qarz oluvchilar ulushi 22 foizga ko‘paygan.
Uy-joy qurilishi hajmi ham o‘sgan. Mamlakatda 135 ming xonadon foydalanishga topshirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 35 mingtaga ko‘pdir. Taklifning oshishi fonida uy-joy narxlari indeksi pasaygan: birlamchi bozorda 4,4 foizga, ikkilamchi bozorda 5,9 foizga.
Toshkentda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha narxi 14,9 million so‘mni tashkil etgan, o‘rtacha oylik ish haqi esa 10,7 million so‘mga yetgan. Kvadrat metr narxining ish haqiga nisbati 2024-yildagi 1,77 dan 2025-yilda 1,38 gacha pasaygan.
Qarz oluvchilar ipoteka kreditlarini to‘lash hajmini sezilarli darajada oshirgan: to‘lov jadvali bo‘yicha 9,4 trillion so‘m qaytarilgan, bu avvalgi davrlarga nisbatan 3,2 barobar ko‘pdir.
Hukumat sektorni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli vazifalarni belgilagan: 2040-yilga borib yillik uy-joy qurilishi hajmini 421 ming birlikka, umumiy ipoteka portfelini esa 56,7 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Source: kun.uz