Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Kiprning Nikosiya shahrida bo‘lib o‘tgan 2026-yilgi Nomzodlar turnirida muddatidan oldin g‘alaba qozondi. 13-turda niderlandiyalik Anish Giri bilan durang o‘ynagan Sindarov, 9,5 ochko to‘plab, turnirning so‘nggi turidan oldin yetakchiligini mustahkamladi va shaxmat toji uchun jahon chempioni bilan bahslashish huquqini qo‘lga kiritdi. Uning ishtiroki O‘zbekiston Milliy banki ko‘magida amalga oshirildi.

Turnirning 14-turidan oldin Sindarovning eng yaqin raqiblaridan 2 ochko farq qilishi, hatto u so‘nggi turda mag‘lub bo‘lsa ham, g‘oliblikni saqlab qolishini ta’minladi. Ushbu natija bilan u 2022-yilda Yan Nepomnyashiy tomonidan o‘rnatilgan ochkolar rekordini takrorladi va zamonaviy turnir formatida (2013-yildan beri) 6 ta g‘alaba bilan yangi rekord o‘rnatdi, bu avvalgi eng yaxshi ko‘rsatkichdan (5 ta g‘alaba) yuqori.

Sindarovning g‘alabasi O‘zbekiston uchun tarixiy yutuqdir—u mamlakatning zamonaviy tarixida Nomzodlar turnirida g‘olib chiqqan birinchi shaxmatchi bo‘ldi. Ungacha faqat Rustam Qosimjonov 2004-yilda FIDE versiyasi bo‘yicha jahon chempioni unvoniga ega bo‘lgan, ammo saralash formati o‘sha paytda boshqacha (nokaut tizimi) edi. Sindarov 19 yoshu 11 oyligida 2025-yilgi Jahon kubogining eng yosh sohibi sifatida ham tanilgan.

Endi Sindarov 2026-yil oxirida amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukesh bilan shaxmat toji uchun bahsda qatnashadi. Ushbu matchning aniq sanasi va joyi FIDE tomonidan keyinroq e’lon qilinadi. Turnirning umumiy sovrin jamg‘armasi 700 ming yevroni tashkil etadi, Sindarov esa birinchi o‘rin uchun 70 ming yevro va qo‘lga kiritgan har yarim ochko uchun 5000 yevrodan (jami 95 ming yevro) pul mukofoti oladi.

Source: www.gazeta.uz