Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Nodavlat ta’lim muassasalari uyushmasi 28-mart kuni Toshkentdagi Leader School maktabida “O‘qituvchi – kelajak me’mori” umumiy shiori ostida an’anaviy pedagogika anjumanini o‘tkazdi. Tadbirga 56 ta davlat va xususiy maktabdan 500 dan ortiq pedagog va rahbarlar, shuningdek, O‘zbekiston va xorijdan 39 nafar spiker va trenerlar ishtirok etdi. Uyushma raisi Firuza Vaxobova forumni ochar ekan, buyuk Sharq mutafakkirlarining ta’lim haqidagi qadimiy hikmatlarini eslatib, pedagoglarning o‘zini rivojlantirish va o‘qitish zarurligini ta’kidladi.

Anjuman davomida mahalliy va xalqaro mutaxassislar ta’lim sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar. Maktabgacha ta’limni rivojlantirish instituti rektori Nafisa Abdullayeva maktabgacha ta’limdagi islohotlar, qamrovni kengaytirish va maktabga majburiy bir yillik tayyorlovni joriy etish haqida gapirdi. U, shuningdek, Toshkentda YUNESKO bilan hamkorlikda II toifali Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi.

Xorijiy ekspertlar, jumladan, Koreya Respublikasidan Chongrim Xan ta’limda texnologiya va sun’iy intellektdan foydalanish, Buyuk Britaniyadan Nikola Jeyn Koper-Robins lingvistik inklyuziya tamoyillari haqida ma’ruzalar qildilar. Erta yoshdagi rivojlanish bo‘yicha mutaxassis Sherri Le Motte bolalarning o‘qishi va rivojlanishidagi hal qiluvchi omillar, shuningdek, o‘qituvchilarning “kelajak me’morlari” sifatidagi rolini chuqur tahlil qildi.

Seksiya mashg‘ulotlarida mahalliy va xalqaro trenerlar o‘quvchilar tafakkurini rivojlantirish, darslarni loyihalash, multimediadan foydalanish, maktabgacha yoshdagi bolalarda fonematik eshitish qobiliyatini shakllantirish kabi ko‘plab amaliy masalalar bo‘yicha tajribalarini baham ko‘rishdi. Bu tadbir pedagoglar uchun o‘z faoliyatini baholash va yangi bilimlar olish uchun muhim platformaga aylandi.

Sherri Le Motte o‘z ma’ruzasida pedagogik faoliyatni oltita asosga qurish zarurligini ta’kidladi: mustahkam poydevor (miya rivojlanishi), xavfsizlik va daxldorlik hissi, aniq maqsadga yo‘naltirilganlik, munosabatlar va aloqalar, mazmunli ta’lim va doimiy professional rivojlanish. U bolalarning o‘rganish jarayonida o‘qituvchi-bola munosabatlarining ahamiyatini ta’kidlab, “Siz, o‘qituvchilar, haqiqatan ham kelajak me’morlari hisoblanasiz” degan xulosaga keldi.

Nikola Jeyn Koper-Robins esa lingvistik inklyuziya masalasiga to‘xtalib, ta’limda ko‘p tillilikni rivojlantirish va barcha bolalarni qamrab olish tamoyillarini tushuntirdi. U “ta’lim uchun universal dizayn” (UDL) modelining ahamiyatini ta’kidlab, tizimdagi muammolar o‘quvchida emas, balki tizimning o‘zida ekanligini bildirdi. Bu yondashuv maktablarda inklyuziv muhitni yaratishga yordam beradi.

Source: www.gazeta.uz