Pokistonning shimoli-g‘arbiy qismidagi Bannu tumanida politsiya postiga uyushtirilgan xudkush terrorchilik hujumi oqibatida kamida uch nafar politsiya xodimi halok bo‘ldi. Mahalliy politsiya va xavfsizlik manbalariga ko‘ra, hujum shanba kuni kechqurun sodir etilgan.
Politsiya rasmiysi Zohid Xonning ma’lum qilishicha, xudkush va bir qancha jangchilar portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan avtomobilni xavfsizlik posti yonida portlatgan. Portlashdan so‘ng bir necha bor portlashlar eshitilgan va post butunlay vayron bo‘lgan.
Pokistonning “Dawn” nashri xabariga ko‘ra, portlashlar natijasida yaqin atrofdagi fuqarolik hududlari ham jiddiy zarar ko‘rgan, ikki fuqaro yaralangan. Reuters agentligi xavfsizlik rasmiylariga tayanib, portlashdan so‘ng yordamga kelgan politsiya xodimlariga pistirma uyushtirilganini xabar qilgan.
Politsiya rasmiysi Sajjod Xon Reutersga ma’lum qilishicha, qurbonlar soni oshishi mumkin. U janglar davom etayotganini va operatsiya tugagandan keyingina zarar miqdori ma’lum bo‘lishini aytgan. Politsiya manbalari hujumchilar dronlardan ham foydalanganini bildirgan.
Voqea joyiga tez yordam va qutqaruv xizmatlari yetib kelgan, Bannu shahridagi davlat shifoxonalarida favqulodda holat e’lon qilingan. Hozircha hech bir guruh hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan, biroq bunday hujumlar Pokistonning Afg‘oniston bilan chegarasida to‘qnashuvlarni qayta avj oldirishi mumkin.
Fevral oyida Pokiston Afg‘oniston ichidagi jangarilarning tayanch punktlariga havo hujumlari uyushtirgan edi. O‘shandan beri to‘qnashuvlar susaygan, ammo rasmiy sulh tuzilmagan. Islomobod Kobulni Pokistonga hujumlar uyushtiruvchi qurolli guruhlarni himoya qilishda ayblaydi, Tolibon esa bu ayblovlarni rad etadi.
Source: www.aljazeera.com