AQSh prezidenti Donald Tramp administratsiyasi Oliy sud tomonidan noqonuniy deb topilgan bojxona bojlari hisobidan yig‘ilgan 166 milliard dollardan ortiq mablag‘ni qaytarish jarayonini boshladi, deb xabar bermoqda Guardian.
20-aprel kuni hukumat to‘langan bojlar uchun kompensatsiya olmoqchi bo‘lgan kompaniyalardan arizalarni qabul qilish uchun Cape onlayn tizimini ishga tushirdi. Hozircha ushbu tizim bahsli tariflar ostiga tushuvchi import operatsiyalarining taxminan 63 foizini qamrab olmoqda. Qolgan arizalar keyinroq ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
Kompensatsiya olish uchun faqat bojlarni rasman to‘lagan kompaniyalar — asosan importchilar va yirik korporatsiyalar murojaat qilishi mumkin. Elektronikadan tortib kiyim-kechakkacha bo‘lgan ko‘plab mahsulotlar narxining oshishiga duch kelgan millionlab amerikaliklar to‘g‘ridan to‘g‘ri kompensatsiya olmaydi.
FedEx kompaniyasi bojxona to‘lovlarini to‘lagan mijozlariga pullarni qaytarishini ma’lum qildi. Costco kompaniyasi esa, agar kompensatsiya olsa, mahsulotlar narxini tushirishi mumkinligini bildirdi.
Dastlabki baholashlarga ko‘ra, arizalarni ko‘rib chiqish va mablag‘larni qaytarish ular topshirilganidan keyin 60 kundan 90 kungacha vaqt oladi.
20-fevral kuni AQSh Oliy sudi Donald Tramp tomonidan 2025-yil aprel oyida dunyoning aksariyat mamlakatlariga nisbatan bir tomonlama tartibda joriy etilgan bojlarni noqonuniy deb topgandi. Sud Tramp tariflarni joriy etishda “Favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risida”gi qonunni qo‘llab, o‘z vakolatlari doirasidan chiqqan, degan xulosaga keldi. Oradan bir necha kun o‘tib, AQSh Bojxona va chegara xizmati bojlarni yig‘ishni to‘xtatgan.
Mablag‘larni qaytarib olish uchun 3000 dan ortiq kompaniya ma’muriyatga qarshi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan. Ba’zi da’volar hatto Oliy sud qarori chiqishidan oldin topshirilgan edi. Eng mashhur da’vogarlar orasida Skechers, Revlon, Toyota, Nintendo of America, FedEx va Costco kabi yirik kompaniyalar bor.
Source: www.gazeta.uz