O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda kafe-restoranlar va mehmonxonalarda alkogol mahsulotlari uchun naqd pulda to‘lov qilishga ruxsat berilishi mumkinligi ma’lum qilindi. 21-aprel kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tadbirkorlar amaldagi naqdsiz to‘lov tizimi turistlar bilan ishlashni qiyinlashtirganini ta’kidladi.
Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov bu boradagi muammoni tan olib, “Bu bizning aybimiz, e’tiborsizligimiz. U bo‘yicha ishlayapmiz, yaqin kunlarda yechim beramiz. To‘g‘rilab beramiz”, dedi. Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda Soliq qo‘mitasi tomonidan tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda restoran va mehmonxonalarda alkogol uchun ham naqd, ham naqdsiz to‘lov imkoniyatini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov amaldagi tartib sayyohlar uchun jiddiy to‘siq bo‘layotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, chet ellik sayyoh mehmonxonada spirtli ichimliklarni naqd pulga sotib olmoqchi bo‘lsa, unga “Tezda Uzcard yoki Humo kartasini och” deyishadi, natijada sayyoh ichish istagidan voz kechib, samolyotga o‘tirib ketadi.
Eslatib o‘tamiz, 1-apreldan boshlab ayrim tovar va xizmatlar, jumladan alkogol va tamaki, 25 million so‘mdan oshiq xaridlar va yonilg‘i shoxobchalarida naqd pul bilan to‘lash taqiqlangan edi. Yangi tartib kassada “naqd” tugmasini o‘chirib qo‘ygan edi.
Source: www.gazeta.uz