Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Jizzax viloyatining Baxmal tumanida mavsumiy suv tanqisligini bartaraf etish maqsadida “muzli stupalar” deb nomlanuvchi sun’iy muzlik texnologiyasini sinov tariqasida joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) O‘zbekistondagi vakolatxonasi ma’lum qildi.

FAO delegatsiyasi Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, tuman hokimi Aziz Ergashev bilan uchrashdi. Muloqot davomida iqlim o‘zgarishiga moslashish, suv resurslaridan samarali foydalanish, bog‘dorchilikni rivojlantirish va kichik issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Delegatsiya tog‘li hududlardagi bir qator maydonlarda dala kuzatuvlarini o‘tkazdi, mahalliy aholi bilan suhbatlashdi va suv tanqisligini yumshatishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan joylarni o‘rganib chiqdi.

Mutaxassislarning fikricha, “muzli stupalar”ning erishi natijasida hosil bo‘lgan suv erta bahorda va vegetatsiya davrida bog‘lar, tomorqa yerlar va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishga yordam beradi. Bu esa, o‘z navbatida, suvga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlarda aholi daromadlari va qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlashi kutilmoqda.

Muzli stupalar — yilning sovuq davrida suvni maqsadli ravishda muzlatish orqali hosil qilinadigan konus shaklidagi sun’iy muz inshootlari. Tabiiy qor zaxiralaridan farqli o‘laroq, ular bahor oylarida suvning asta-sekin erishini ta’minlaydigan tarzda shakllantiriladi. Harorat ko‘tarilishi bilan muzliklar yig‘ilgan suvni sekin-asta chiqaradi va undan tabiiy suv resurslari yetishmay qolgan davrda foydalanish mumkin.

Bu texnologiya 2010-yillarning boshida hindistonlik muhandis Sonam Vangchuk tomonidan ishlab chiqilgan. U Himolay tog‘laridagi Ladakx mintaqasida qishda qor yog‘ishi va suv bo‘lishiga qaramay, bahorda vegetatsiya davri boshlanganda suv tanqisligi yuzaga kelishini kuzatgan. Minora yoki konus shaklidagi sun’iy muzliklar buddaviylikning muqaddas inshootlari — stupalarni eslatgani uchun shunday nomlangan. Konus shakli quyosh nuri ta’sir qiladigan yuza maydonini minimallashtirib, muzning sekin erishini va uzoq vaqt saqlanishini ta’minlaydi.

Source: www.gazeta.uz