Mirzo Ulug‘bek tumani Toshkentning vaziyat markazi tashkil etilgan va “Aqlli tuman” platformasi joriy etilgan to‘rtinchi tumaniga aylandi. Shavkat Mirziyoyev payshanba kuni tuman hokimligiga tashrifi chog‘ida markaz bilan tanishdi.
Shu paytgacha Mirzo Ulug‘bek tumanida jamoat xavfsizligi, transport, ijtimoiy yordam, kommunal, moliya va bank kabi 30 ta tashkilot o‘z yo‘nalishi bo‘yicha alohida-alohida, tarqoq holda ishlayotgan edi. Yagona tizim yo‘qligi aholi murojaatini tezkorlik bilan hal qilishga katta to‘siq bo‘layotgan, ortiqcha vaqt va sarsongarchilikka sabab bo‘lardi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Ta’kidlanishicha, “Aqlli tuman” platformasi tumandagi muammolarni tahlil qilish, tezkor aniqlash va hal etish uchun mo‘ljallangan. Tumandagi barcha mahalla vakillari bilan onlayn aloqada bo‘lish va mavjud vaziyatdan doimiy xabardor bo‘lish imkoniyati yaratilgan.
“Bu yerda ijtimoiy va kommunal muammolar monitoringi olib boriladi, aholi murojaatlarining ijrosi nazorat qilinadi, favqulodda vaziyatlarda esa tegishli xizmatlar faoliyatini tezkor boshqarish va muvofiqlashtirish ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.
Platforma tarkibiga “Xavfsiz hudud” tizimi kiradi. U huquqbuzarliklarni kuzatish va jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun xizmat qiladi.
Tadbirkorlik subyektlarining raqamli xaritasi sun’iy intellekt asosida soliq tushumlarini prognoz qilish va ularning yig‘iluvchanligini oshirish imkonini beradi. Sun’iy intellektga asoslangan yana bir tizim — AI Davomat maktablarda darslarni asossiz qoldirishni kuzatish va nazoratsizlikning oldini olish uchun mo‘ljallangan.
Ma’lum qilinishicha, bunday platformalar Chilonzor, Shayxontohur va Olmazor tumanlarida ishga tushirilgan. Prezident yangi tizimni poytaxtning boshqa tumanlarida ham joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Viloyat hokimlari, prokurorlar, ichki ishlar, xavfsizlik va soliq idoralari rahbarlari Mirzo Ulug‘bek tumaniga borib, bu tajribani o‘rganishi zarurligi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev 1992—1996-yillarda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan. Hokimlik binosida u kishining xizmat xonasi va avtomobili o‘sha davrdagi ko‘rinishda qayta tiklangan. Shu yerda uning hokimlik davrida qabul qilgan eng muhim qarorlari aks etgan ekspozitsiya ham tashkil etilgan.
Hokimlik atrofidagi to‘siq olib tashlanib, kichik bog‘ obodonlashtirildi. Davlat rahbari bu yerda daraxt ekdi.
Source: www.gazeta.uz