Xitoydagi harbiy sud ikki sobiq mudofaa vaziri – Li Shanfu va Vey Fenxenni korrupsiya jinoyatlari uchun o‘lim jazosiga hukm qildi, biroq ijro ikki yilga kechiktirildi. Bu haqda BBC News xabar berdi.
Sud qaroriga ko‘ra, agar ikki yillik sinov muddati davomida mahkumlar yangi jinoyat sodir etmasa, o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosiga almashtiriladi. Biroq, bu holda erta ozod qilish yoki jazoni yengillashtirish imkoniyati bo‘lmaydi.
“Sinxua” agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Vey Fenxe pora olishda, Li Shanfu esa pora olish va berishda aybdor deb topilgan. Ikkala sobiq vazir ham siyosiy huquqlardan umrbod mahrum etilgan va ularning mol-mulki musodara qilingan.
Vey Fenxe 2018-2023 yillarda Xitoy Mudofaa vazirligini boshqargan. Li Shanfu 2023 yil mart oyida uning o‘rnini egallagan, ammo o‘sha yilning oktabr oyida lavozimidan ozod etilgan edi.
Xitoyda korrupsiyaga qarshi kampaniya 2012 yilda rais Si Szinpin hokimiyatga kelganidan keyin kuchaygan. Reuters yozishicha, qurolli kuchlardagi tozalovlar kampaniyaning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Source: www.gazeta.uz