Qozog‘iston logistikani yaxshilash va O‘zbekiston bilan savdoni kengaytirish maqsadida bir qator infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqda. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari — milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin President loyihasi efirida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tovar aylanishi o‘sishini cheklovchi asosiy omillardan biri transport yo‘laklarining haddan tashqari yuklama bilan ishlayotganidir. “Ko‘p jihatdan tovar aylanishi o‘sib bormayotganiga sabab — bizda eksport uchun logistika imkoniyatlari [cheklangan]: Toshkent uzeli, Sariag‘ash — Toshkent yo‘nalishi juda kuchli zo‘riqish bilan ishlayapti. Men Sariag‘ash atrofida [uzunligi] 103 km bo‘lgan aylanma yo‘l qurilishini boshlaganimiz haqida hisobot berdim. Darbaza — Maqtaaral [temiryo‘li qurilishini] yakunlayapmiz, natijada 20 mln tonna yuk Toshkentni aylanib o‘tadi, ya’ni biz Toshkent uzelini chetlab o‘tamiz”, — dedi u.
Turkiston viloyatida 6-aprel kuni respublika ahamiyatiga molik “Sariag‘ash shahrini aylanib o‘tuvchi” avtomobil yo‘li qurilishiga start berildi. Qozog‘iston Transport vazirligining ta’kidlashicha, Sariag‘ash aylanma yo‘lining qurilishi tranzit transportini shahar tashqarisiga olib chiqish, shahar yo‘l tarmog‘idagi yuklamani kamaytirish va O‘zbekiston yo‘nalishidagi harakatni sezilarli darajada tezlashtirish imkonini beradi.
Loyiha uzunligi 102,6 km bo‘lgan, to‘rt qatorli harakatga ega, I-a texnik toifadagi zamonaviy avtomobil yo‘lini barpo etishni ko‘zda tutadi. “Aylanma yo‘lning ishga tushirilishi mintaqa iqtisodiyotiga salmoqli ta’sir ko‘rsatadi: yuklar va yo‘lovchilar tranziti tezlashadi, chegaraoldi savdosining jozibadorligi oshadi, Turkiston viloyatining xalqaro yo‘nalishlardagi transport uzeli sifatidagi roli mustahkamlanadi”, — deyiladi xabarda.
Jumangarin transport infratuzilmasini rivojlantirish davlatlar o‘rtasidagi savdo o‘sishining kaliti ekanini qayd etdi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovar aylanishi taxminan 5 mlrd dollarni (+11,4%) tashkil etdi, biroq uning keyingi o‘sishi bevosita yo‘nalishlarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatiga bog‘liq.
Yangi loyihalar qatorida uzunligi 559 km bo‘lgan Beyneu — Saksaul avtomobil yo‘li qurilishi ham bor, uni joriy yilda boshlash rejalashtirilgan. Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘l O‘zbekistondan Kaspiy dengizi portlarigacha bo‘lgan masofani uch sutkaga qisqartirish imkonini beradi. “Bu, birinchi navbatda, o‘zbekistonlik tadbirkorlar va eksportyorlar uchun katta ko‘mak bo‘ladi”, — deya ta’kidladi u.
Shuningdek, “Qizilo‘rda — Aktobe” avtomobil yo‘lini kengaytirish ishlari olib borilmoqda: trassa birinchi toifaga o‘tkazilib, harakatlanish yo‘laklari soni ikkitadan to‘rttaga oshiriladi.
Infratuzilmadan tashqari, Qozog‘iston va O‘zbekiston hududlararo hamkorlikni rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Birinchi hududlar forumi 23−24-iyul kunlari Aqtauda bo‘lib o‘tishi mumkin. “Biz, har holda, o‘zbek tomoniga shunday takliflar bilan nota yubordik, tadbirni Aqtauda o‘tkazmoqchimiz. Hududiy hamkorlik — bu haligacha biz foydalanmayotgan ulkan zaxira qatlamidir”, — deya qo‘shimcha qildi Jumangarin.
Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi “G‘ishtko‘prik” (“Jibek Joli”) o‘tkazish punkti sentabr oyida o‘z faoliyatini qayta tiklashini ham ma’lum qilgandi.
“Darbaza — Maqtaaral” yangi temiryo‘li qurilishi 2023-yil noyabr oyi oxirida boshlangan. O‘shanda temiryo‘l liniyasining uzunligi 152 km ni tashkil etishi xabar qilingandi. Qozog‘iston tomoniga ko‘ra, qiymati 545 mln dollar bo‘lgan ushbu loyiha “Sariag‘ash” stansiyasiga tushadigan yuklamani kamaytirish va O‘zbekiston yo‘nalishidagi eksport tashuvlarini ko‘paytirish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, 11-aprel kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoroda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan uchrashdi. Tomonlar chegaraoldi hududlarida “Toza havo” loyihasini birgalikda ilgari surish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha kelishib oldi. Davlatlar tashqi bozorlarga samarali chiqish uchun chegara infratuzilmasini birgalikda modernizatsiya qilish niyatida.
Source: www.gazeta.uz