Adliya vazirligi Telegram kanalida ma’lum qilishicha, Prezident farmoni bilan 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030” strategiyasi tasdiqlandi va uning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yildan boshlab hududlarda yoshlarga mo‘ljallangan infratuzilma obyektlari (ta’lim muassasasi, sport obyektlari, yoshlar va madaniyat markazi, kutubxona, kinoteatr, konsert-tomosha zali, ko‘ngilochar saylgoh va bog‘lar) faoliyati uchun minimal standartlar joriy etiladi.
2026−2027-yillarda har bir hududda kamida bittadan turizm, gastronomik, yoshlar sayilgohi va savdo-servisga ixtisoslashgan maxsus ko‘chalarda kutubxona, book cafe va kitob do‘konlari tashkil etiladi.
Eng muhim yangilik: oyiga 10 mingdan ortiq kitob sotgan tadbirkorlarga 1 milliard so‘mgacha ssuda beriladi. Kredit Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasi bilan, 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu farmon asosida 30 yoshgacha bo‘lgan, so‘nggi 3 yilda ko‘chmas mulki bo‘lmagan oilalarga 2027-yildan boshlab ipoteka kreditlari berilishi va foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismi davlat budjetidan qoplanishi xabar qilingandi.
Source: www.gazeta.uz