️ 2025-yil sentabr oyida Yakkasaroy tumanida BYD haydovchisi I.Yu. va uning otasi B.U. yo‘liga chiqqan Lacetti Gentra haydovchisi D.S.ni do‘pposlagani, avtomobil oynalarini sindirgani, shuningdek, hodisadan so‘ng mashinada bo‘lgan ayol M.S. homilasini yo‘qotgani haqida xabar berilgan.
️... Holat Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida ko‘rib chiqilib, hukm o‘qilgan. Sud jarayonida turli tomonlarning qarama-qarshi bayonotlari keltirildi.
️ Sudlanuvchi I.Yu. o‘z aybiga qisman iqror bo‘lib, D.S. uning yo‘lini to‘sib qo‘ygani sababli keskin tormoz bosishga majbur bo‘lganini, otasi esa D.S.ga tanbeh berganini aytdi. Keyin D.S. qasddan 5-6 marta keskin tormoz berib, avariya holatini keltirib chiqargan.
️ I.Yu.ning so‘zlariga ko‘ra, D.S. otasini haqorat qilib ketgan, shundan so‘ng u Lacettini to‘xtatib, oyog‘i bilan urib yon oynasini sindirgan, lekin D.S. va uning rafiqasiga tan jarohati yetkazganini rad etdi. U, shuningdek, tergovchining bir tomonlama ish olib borganini va videotasvirning faqat kerakli qismlarini taqdim etganini ta’kidladi.
️ Jabrlanuvchi M.S.ning bayonotiga ko‘ra, BYD ularning mashinasini siqib ketgan, keyin I.Yu. va B.U. tushib, avtomashinaning old oynasini sindirgan va ular birgalikda uning turmush o‘rtog‘ini urishgan. U o‘zini homilador ekanligini bildirganiga qaramay, zo‘ravonlik davom etgan va natijada qoshi ko‘kargan.
️ M.S. hodisadan so‘ng o‘zini yomon his qilib, shifokorlarga murojaat qilgan va homilasi tushganligi aytilgan. U sudda I.Yu. va B.U.ga nisbatan moddiy va ma’naviy da’vo bilan chiqqan va ularga og‘ir jazo tayinlanishini so‘ragan.
️ Guvoh shifokor G.K.ning ko‘rsatmasiga ko‘ra, M.S.da bachadondan qon ketayotgani aniqlangan, lekin bu holat turli sabablarga ko‘ra yuzaga kelishi mumkin. U homila tushish jarayonida odatda qoldiqlar qolishini, ammo M.S.da bunday qoldiqlar bo‘lmaganini aytdi, tashxis taxminiy xarakterga ega ekanini ta’kidladi.
️ Sud jarayonida boshqa guvohlar ham o‘z bayonotlarini berishdi, jumladan, BYDda bo‘lgan tanish M.S. kechirim so‘rash uchun borganini, ammo D.S. ularni kechirmasligini va tahdid qilganini aytdi.