Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ 4-mart holatiga ko‘ra, Yaqin Sharq mintaqasidagi voqealar fonida O‘zbekiston fuqarolari orasida halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar qayd etilmagan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi. ️ Vazirlik ta’kidlashicha, mintaqadagi vaziyat doimiy nazorat ostida.... O‘zbekistonning Yaqin Sharq mamlakatlaridagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. ️ Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning mintaqa davlatlaridagi elchixonalari va konsullik muassasalari ijtimoiy-siyosiy va harbiy-siyosiy vaziyatni 24 soat davomida monitoring qilib bormoqda. Shuningdek, qabul qiluvchi davlatlarning tashqi ishlar idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi organlari, fuqarolik muhofazasi xizmatlari hamda aviatsiya ma’muriyatlari bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. ️ Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, elchixonalar va konsullik muassasalari huzurida “tezkor liniya”lar tashkil etilgan. Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligining call-markazi ham faoliyat yuritmoqda. Fuqarolardan kelib tushayotgan barcha murojaatlar ro‘yxatga olinib, doimiy o‘rganib borilmoqda. ️ So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Yaqin Sharq mintaqasidagi fuqarolardan jami 2144 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlar asosan evakuatsiya, aviareyslarning bekor qilinishi yoki boshqa sanaga ko‘chirilishi, vaqtinchalik turar joy bilan ta’minlash hamda mamlakatda qolish muddati uzayishi bilan bog‘liq moliyaviy qiyinchiliklar masalalariga taalluqli ekani aytilmoqda. ️ Ularga manzilli konsullik va moliyaviy yordam ko‘rsatilmoqda. Xususan, Dubay, Sharja va Doha aeroportlarida “Vatandosh” jamg‘armasi orqali ayrim fuqarolarga moliyaviy yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, fuqarolar rasmiy veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali ehtiyot choralari, aviareyslar holati hamda harakatlar algoritmi haqida muntazam xabardor qilib borilmoqda. ️ Shu bilan birga, prezident topshirig‘iga muvofiq, Yaqin Sharq mamlakatlaridan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyatdan kelib chiqqan holda va yurtdoshlarimiz xavfsizligini ta’minlashni inobatga olib, doimiy hamda qo‘shimcha reyslar tashkil etilmoqda. ️ Xususan, Saudiya Arabistonidan evakuatsiya ishlari olib borilmoqda. Birlashgan Arab Amirliklaridan esa Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan repatriatsiya reyslarini tashkil etish masalasi ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, aviakompaniyalar bilan charter reyslarni kelishish hamda mintaqa aviatsiya regulyatorlari bilan muvofiqlashtirish ishlari davom etmoqda. ️ Vazirlik ta’kidlashicha, ayrim mamlakatlarda havo hududining yopilishi va “havo hujumi” rejimi sharoitida imkoniyatlar cheklangan bo‘lsa-da, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va ularni vatanga qaytarish bo‘yicha ishlar uzluksiz davom ettirilmoqda. ️ Avvalroq Qatarda 11 yoshli o‘zbekistonlik bola yo‘l-transport hodisasi oqibatida voqea joyida halok bo‘lgani xabar berilgan edi. Mintaqadagi vaziyat va transport-logistika bilan bog‘liq cheklovlar tufayli u oilasining roziligi bilan Qatarda dafn etildi. Jarayonga O‘zbekiston elchixonasi ko‘maklashdi.

Source: www.gazeta.uz