️ O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlarni takroran sodir etgan shaxslar uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Nodira... Hakimova “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
️ Uning so‘zlariga ko‘ra, tegishli choralar ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan prezident farmonida nazarda tutilgan. “Hammamiz kuzatib turibmiz, bu masalada xalq tashabbus ko‘rsatib turibdi va shu masala qonunchiligimizda aks etishi bo‘yicha farmonda prezidentimiz belgilab berdilar”, dedi Hakimova.
️ Uning ta’kidlashicha, bunday jinoyatlar uchun hukm qilingan shaxslarni manzil-koloniyalarga o‘tkazmaslik masalasi ham alohida muhokama qilingan. “O‘tgan yili hammamiz mudhish jinoyatlarning guvohi bo‘ldik va butun jamiyat larzaga keldi desak bo‘ladi. Boisi, retsidivist pedofillar manzil-koloniyalarga chiqarilgandan keyin yana voyaga yetmagan qizchalarimizga nisbatan nomusga tegish jinoyatlarini sodir qilgan”, dedi u.
️ Gap 2025-yil oktabrida mahalliy korxonada ishlayotgan paytda qochib ketib, 9 yoshli qizni zo‘rlagan 31 yoshli manzil-koloniya mahkumi haqida ketmoqda. Sud uni 18 yilga ozodlikdan mahrum qilib, o‘ta xavfli retsidivist deb topgan. Ushbu shaxs 2018-yildan buyon ham bolani zo‘rlash jinoyati uchun jazo o‘tab kelayotgan edi.
️ Hakimovaning aytishicha, bunday jinoyatlar eng og‘ir toifadagi jinoyatlar qatoriga kiradi. “Nima uchun ularni manzil-koloniyalarga chiqarmaymiz? Nima uchun endi pedofil retsidivistlarga nisbatan umrbod qamoq jazosini qo‘llaymiz? Chunki bu jinoyatlarga xuddi qasddan odam o‘ldirish kabi eng og‘ir jinoyatlar bilan tenglashtirib qarasak bo‘ladi. Bu bir go‘dak qizning butun umrini zavol qilishga olib keladigan jinoyatlar. Shu sababli aynan shunday keskin islohotlarni prezidentimiz o‘z farmonlarida belgilab berdilar”, dedi u.
️ Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan uch oy muddatda voyaga yetmaganlarning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar, ular bilan jinsiy aloqa qilish va uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish uchun ilgari sudlangan shaxslar tomonidan quyidagi jinoyatlar sodir etilgan taqdirda jazo belgilash to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorlash topshirildi.
️ Bundan tashqari, 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlarni bir guruh shaxslar tomonidan sodir etganlik uchun yanada qat’iyroq javobgarlik belgilash, shuningdek, tergov va sud amaliyotidan kelib chiqib, JKning 129-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) dispozitsiyasiga aniqliklar kiritish rejalashtirilgan.