Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yakkasaroy tuman sudida “Credit House” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, hukm e’lon qilindi. Sudya Bahodir Qayumov raisligida bo‘lib o‘tgan sud majlisida 9 nafar ayblanuvchiga turli muddatlarda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kompaniyalar odamlarga uy-joy sotib olishda qulay shartlar va’da qilib, ularning pullarini o‘zlashtirgan. Jabrlanganlarning soni 860 nafardan oshib, yetkazilgan zarar 182 milliard so‘mni tashkil qilgan. Sud hukmi bilan ushbu zararni qoplash uchun bir qancha avtomobillar va hisob raqamlaridagi mablag‘lar musodara qilindi.

Eng og‘ir jazo – 9 yil ozodlikdan mahrum qilish – Dmitriy Bajenov va Baxtiyor Amzayevga tayinlandi. Bajenov firibgarlik, ishonchni suiiste’mol qilish, savdo qoidalarini buzish va notijorat tashkilotda vakolatni suiiste’mol qilish moddalari bilan aybdor deb topildi. Yana ikki ayblanuvchi – Bahrom Hikmatullayev va Gayrat Mirkamolov – 8 yil 1 oy muddatga qamaldi.

Uch nafar ayol – Klara Tolipova, Robiya Galyamova va Shoira Rahimova – 6,5 yilga shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilindi va ularga 3 yillik sinov muddati belgilandi. Alisher Shamsiddinov esa 234,5 BHM miqdorida jarima to‘lashga majbur bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, “Credit House” va “In Fin Stroy Invest” kompaniyalari atrofidagi janjal 2025 yil fevral oyida boshlangan edi. Ushbu kompaniyalar qurilish firmalaridan kvartiralarni sotib olib, ularni uzoq muddatli bo‘lib to‘lash sharti bilan xaridorlarga sotgan. Biroq, ular odamlarning pullarini o‘zlashtirganlikda gumon qilingan. Kun.uz muxbiri sud jarayonini yoritib, birinchi sud majlisini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda ko‘rsatgan edi.

Source: kun.uz