Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 aprel kuni Toshkent shahridagi Mirzo-Ulug‘bek tumani hokimligiga tashrif buyurdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif davomida prezident hokimlik binosi yaqinidagi Salar kanali ustida qurilgan ko‘prik bilan tanishdi. Shuningdek, u atrofdagi hududlarni obodonlashtirish ishlari natijalarini ko‘zdan kechirdi va daraxt ekdi. Keyin davlat rahbari tuman ma'muriyati binosida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev 1992-1996 yillarda Mirzo-Ulug‘bek tumani hokimi lavozimida ishlagan va uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shgan. Hokimlik binosida davlat rahbariga uning tuman rahbarligi davridagi ko‘rinishiga mos ravishda qayta tiklangan xizmat kabineti va xizmat avtomobili taqdim etildi. Shuningdek, prezidentning hokimlik davrida qabul qilgan asosiy qarorlariga bag‘ishlangan ekspozitsiya tashkil etilgan. Prezident ko‘rgazmani tomosha qilish chog‘ida o‘sha davrdagi faoliyati bilan bog‘liq xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
«Hozirga qadar Mirzo-Ulug‘bek tumanida jamoat xavfsizligi, transport, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kommunal xo‘jalik, moliya va bank sohalari tuzilmalarini o‘z ichiga olgan 30 ga yaqin tashkilot tarqoq holda, har biri o‘z yo‘nalishi doirasida faoliyat yuritgan. Yagona tizimning yo‘qligi fuqarolar murojaatlarini tezkor hal etishni jiddiy qiyinlashtirgan, ortiqcha vaqt yo‘qotilishiga va asossiz cho‘zilishlarga olib kelgan», — deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Hokimlikda sun'iy intellektga asoslangan «Aqlli tuman» platformasi bilan jihozlangan vaziyat markazi tashkil etilgan. U muammolarni tahlil qilish, tezkor aniqlash va hal etish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, mahalla vakillari bilan onlayn aloqa o‘rnatish va tezkor qayta aloqani ta'minlash imkonini beradi.
Markazda ijtimoiy va kommunal masalalar monitoringi, fuqarolar murojaatlarining ijrosi nazorati olib boriladi. Favqulodda vaziyatlarda tezkor boshqaruv va tegishli xizmatlarni muvofiqlashtirish ta'minlanadi.
Platforma tarkibiga huquqbuzarliklar va jamoat xavfsizligini monitoring qilish uchun «Xavfsiz tuman» tizimi kiradi. Sun'iy intellekt asosidagi tadbirkorlarning raqamli xaritasi soliq yig‘ilishini prognoz qilish va oshirish uchun qo‘llaniladi. «AI Davomat» tizimi maktablarda asossiz dars qoldirishlarning oldini olish va voyaga yetmaganlarning qarovsiz qolishiga qaratilgan. Shu kabi platformalar Chilonzor, Shayxontohur va Olmazor tumanlarida ham ishlamoqda.
Vaziyat markazi faoliyati bilan tanishib, prezident ushbu tizimni Toshkentning qolgan tumanlarida ham joriy etishni topshirdi. Shuningdek, viloyat hokimlari, prokurorlar, ichki ishlar organlari, xavfsizlik xizmati va soliq organlari rahbarlariga Mirzo-Ulug‘bek tumanidagi ushbu tajribani o‘rganish topshirildi.
Source: kun.uz