Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O'zbekiston iqtisodiyoti 2026-yil yanvar-mart oylarida yillik hisobda 7-7,2% o'sishi mumkin. Buni Iqtisodiy Tadqiqotlar va Islohotlar Markazi (ITIM) hisob-kitoblari ko'rsatmoqda.

Markaz ma'lumotlariga ko'ra, birinchi chorakdagi YaIM o'sishining asosiy prognozi yillik hisobda taxminan 7% ni tashkil qiladi. Baho 35 ta asosiy oylik va haftalik iqtisodiy faollik ko'rsatkichlarini hisobga olgan dinamik faktor modeli asosida tayyorlangan.

ITIM ma'lumotlariga ko'ra, kutilayotgan o'sishga asosan biznes faolligi (3,1 foiz punkti), moliyaviy-kredit sohasi (1 foiz punkti), bank tranzaksiyalari (0,9 foiz punkti), sanoat ishlab chiqarishi (0,6 foiz punkti) va chakana savdo (0,3 foiz punkti) hissa qo'shadi.

Qo'shimcha ravishda, prognoz 20 ta toifadagi Google qidiruv so'rovlari bo'yicha 250 ta haftalik ko'rsatkichlar tahlili asosida mashina o'rganish usullari yordamida hisoblangan. Ushbu bahoga ko'ra, birinchi chorakdagi YaIM o'sishi 7,2% ni tashkil etishi mumkin. Shunday qilib, prognoz oralig'i 7-7,2% darajasida belgilangan.

2026-yil yanvar oyida qidiruv so'rovlari tahliliga ko'ra, "internet va telekommunikatsiyalar" toifasidagi so'rovlar soni o'tgan yilning shu davriga nisbatan 19,3%ga, "moliyaviy" toifada 7,9%ga, "xaridlar" toifasida esa 5,2%ga oshgan.

Markaz shuningdek, 2025-yil yakunida O'zbekiston iqtisodiyoti o'tgan yilgi 6,7%ga nisbatan 7,7% o'sganini eslatdi.

Source: kun.uz