Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi rahbari Rovshan Najaf hamda British Petroleum kompaniyasi rahbarlari Ariel Flores va Jovanni Kristofolini qabul qildi.

Uchrashuvda energetika va neft-gaz sohalarida yetakchi bo‘lgan ushbu kompaniyalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Prezident energetika sohasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikni alohida ta’kidladi. SOCAR kompaniyasi O‘zbekistonning Ustyurt platosidagi uglevodorod konlarini o‘zlashtirish loyihasida hamkor hisoblanadi. SOCARning O‘zbekistonda vakolatxonasini ochish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

British Petroleum kompaniyasining ushbu yirik loyihaga qo‘shilgani yuqori baholandi. Neft-gaz sohasida qo‘shma loyihalarni ilgari surish, uglevodorod xomashyosini qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash, neft va neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, soha kadrlarini tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Ozarbayjon futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi raisi ham bo‘lgan Rovshan Najaf davlat rahbariga 2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkaziladigan U-20 yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga birgalikda tayyorgarlik ko‘rishda ko‘maklashgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Source: kun.uz