Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni Toshkent metropolitenida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va xavfsizligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
2030-yilgacha metropolitenning kunlik yo‘lovchilar oqimini 1,8 million kishiga yetkazish, bekatlar sonini 79 taga, liniyalar uzunligini 103 kilometrga yetkazish, poyezdlar harakati oralig‘ini 1,5−3 daqiqagacha qisqartirish rejalashtirilgan.
2026−2028-yillarda metroda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va fuqaro muhofazasi obyektlarining texnik bazasini modernizatsiya qilish choralarini ko‘rish rejalashtirilgan.
Yo‘lovchilar xavfsizligini kuchaytirish maqsadida “Shahriston” bekatining platformalariga sinov tariqasida shisha himoya to‘siqlarini o‘rnatish taklif etildi. Xalqaro tajribaga ko‘ra, bunday to‘siqlar platformalarda baxtsiz hodisalar sonini 80−90 foizga kamaytirish imkonini beradi, deyiladi taqdimotda.
Bundan tashqari, himoya to‘siqlari qo‘shimcha reklama maydonlarini yaratish orqali metropoliten daromadlarini oshirishga yordam beradi.
Qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Vagon va platformalardagi raqamli reklama maydonlarini auksion orqali xususiy sektorga o‘tkazish, stansiyalarda savdo apparatlari va kichik savdo obyektlarini joylashtirish, metro bekatlari yaqinida avtoturargohlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, bo‘sh turgan metropoliten bino va inshootlarini tadbirkorlarga kimoshdi savdosi orqali kovorking va kichik ofislar uchun ijaraga berish taklifi bildirildi.
Source: www.gazeta.uz