Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

8 may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 12 jarima balli to‘plagan haydovchilar soni 49 nafarga yetdi. Bu haqda Kun.uz’ga SBDD axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev ma’lum qildi.

Eng ko‘p holat Toshkent shahrida qayd etilgan – 29 nafar haydovchi 12 va undan ortiq ball to‘plagan. Farg‘ona viloyatida 8, Buxoro viloyatida 3 holat aniqlangan. Toshkent va Andijon viloyatlarida 2 tadan, Qoraqalpog‘iston, Samarqand, Namangan, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida 1 tadan holat qayd etilgan.

To‘rt hudud – Navoiy, Qashqadaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida hozircha 12 ball to‘plagan haydovchilar yo‘q.

Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilganlar endi oddiy imtihon topshirish o‘rniga avtomaktablarda nazariy va amaliy o‘qishdan o‘tishlari shart. Nazariy imtihonda 20 savoldan 18 ta emas, balki 50 savoldan 46 ta to‘g‘ri javob berish talab etiladi.

Qoidalarni buzmaydigan haydovchilarga na jarima, na jarima ballari qo‘llaniladi. 49 ta holat bo‘yicha barcha hujjatlar sud organlariga yuborilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-1-moddasiga ko‘ra, bir yil ichida 12 jarima balli to‘plagan haydovchilar kamida 6 oy muddatga haydovchilik huquqidan mahrum etiladi.

Source: kun.uz