Toshkent xalqaro aeroportida xalqaro reyslar yo‘lovchilari uchun aeroport rasmiyatchiliklarini tezlashtirishga mo‘ljallangan Fast Track xizmatining ishga tushirilishi marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda aeroport, bank sektori, turistik va aviakompaniyalar vakillari hamda xalqaro hamkorlar, jumladan, Priority Pass xalqaro dasturi egasi Collinson Group va loyihaning texnologik provayderi HighPass kompaniyasi ishtirok etdi.
Loyiha doirasida terminalda avtomatlashtirilgan Fast Track darvozalari o‘rnatilib, ular HighPass raqamli ekotizimiga integratsiya qilingan. Yo‘lovchilar jo‘nash va kelishda pasport nazoratida alohida yo‘lakdan QR-kod yordamida o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
Xizmat to‘g‘ridan-to‘g‘ri HighPass orqali yoki aviakompaniyalar va turoperatorlar saytlarida chipta va turpaketlar sotib olishda taqdim etiladi.
Dunyoda 100 dan kam avtomatlashtirilgan Fast Track xizmati mavjud bo‘lib, Toshkent aeroporti Markaziy Osiyoda ushbu texnologiyani joriy qilgan birinchi havo bandargohga aylandi. Bu xizmat xalqaro standartlarga muvofiq yo‘lovchi infratuzilmasini rivojlantirishdagi navbatdagi qadamdir.
Source: kun.uz