Falastinlik Eid Nael Abu Shaar 18 oy davomida oilasi tomonidan o‘lgan deb hisoblangan, biroq u Isroilning Ofer qamoqxonasida tirik ekanligi aniqlandi. Otasi Nael Abu Shaar o‘g‘lini qidirib, G‘azo bo‘ylab kasalxona va o‘likxonalarni kezgan, ammo hech qanday iz topolmagan.
Oila Qizil Xoch va inson huquqlari tashkilotlariga murojaat qilgan, biroq hech qanday ma’lumot ololmagan. Oxir-oqibat, ular o‘g‘lini o‘lgan deb e’lon qilib, motam chodiri tikishgan va o‘lim guvohnomasini olishgan.
Eidning onasi Maha Abu Shaar hech qachon umidini yo‘qotmagan: “Hamma menga g‘oyibona janoza o‘qish kerakligini aytdi, lekin men rad etdim. Yuragim Eid tirikligini aytdi”, deydi u.
Bir oy oldin ozod qilingan mahbus Eid bilan qamoqxonada uchrashganini aytgan va bu voqea advokat tomonidan tasdiqlangan. Oila shirinliklar tarqatib, motamni bayramga aylantirgan.
Falastinlik yo‘qolganlar va majburan g‘oyib bo‘lganlar markazi direktori Nada Nabilning so‘zlariga ko‘ra, 7000-8000 falastinlik bedarak yo‘qolgan, ulardan 1500 nafari isroil qamoqxonalarida saqlanmoqda. U Isroilning ma’lumot berishdan bosh tortishini “psixologik qiynoq va jamoaviy jazo” deb ataydi.
Nabilning ta’kidlashicha, xalqaro tashkilotlar Isroilni xalqaro gumanitar huquqni hurmat qilishga majburlashda “to‘liq muvaffaqiyatsizlikka” uchragan. Oilalar o‘z yaqinlarini “bedarak yo‘qolgan” deb e’lon qilishdan qo‘rqishadi, chunki bu Isroilning havo hujumlariga sabab bo‘lishi mumkin.
Source: www.aljazeera.com