O‘zbekistonning Olmaotadagi Bosh konsulxonasi so‘nggi bir oy ichida qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan 82 nafar vatandoshiga keng ko‘lamli yordam ko‘rsatdi. Yordam turlari orasida uy-joy bilan ta’minlash, davolanish, hujjatlarni qaytarish va uyga chipta sotib olish kabi xizmatlar bor.
Xususan, 11 nafar fuqaro vaqtinchalik turar joy bilan ta’minlanib, 13 nafariga moliyaviy qiyinchiliklar tufayli O‘zbekistonga qaytish uchun aviachiptalar sotib olindi. Ish beruvchilar tomonidan noqonuniy ushlab qolingan pasportlarni qaytarish bo‘yicha 34 nafar fuqaroga yordam berildi.
Diplomatlar bir vatandoshiga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilishiga erishdi – u kasalxonaga yotqizilib, davolanish xarajatlari davlat tomonidan to‘liq qoplandi.
Konsulxona xodimlari vaqtinchalik muassasalarda bo‘lgan 221 nafar fuqaro bilan onlayn uchrashuvlar o‘tkazdi. Murojaatlar natijasida ularning O‘zbekistonga qaytishi uchun hujjatlar rasmiylashtirildi.
Yordam ko‘lamini kengaytirish maqsadida konsulxona mahalliy hostel bilan shartnoma tuzdi, shuningdek, Chimkentda sayyor qabul tashkil etildi. Unda 60 dan ortiq o‘zbekistonlik konsullik xizmatlaridan – pasport rasmiylashtirishdan tortib fuqarolik masalalarigacha – foydalandi.
Diplomatlar Olmaota va Chimkentdagi qurilish ob’ektlariga tashrif buyurib, 170 dan ortiq mehnat migrantlari bilan suhbatlashdi. Ularga ish sharoitlari, mavjud imtiyozlar va yangi tashabbuslar tushuntirildi, shuningdek, Qozog‘iston qonunchiligiga rioya qilish zarurligi eslatildi.
Alohida e’tibor profilaktikaga qaratildi – fuqarolar taqiqlangan tashkilotlar faoliyatiga jalb etilish xavfi haqida ogohlantirilib, migratsiya qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirildi.
Source: podrobno.uz