So‘nggi yillarda O‘zbekiston elektr energiyasini import qiluvchi davlatdan qo‘shnilarga eksport qiluvchi va mintaqaviy hamda transkontinental energiya yo‘laklarini shakllantirishda ishtirok etuvchi davlatga aylandi. Bu haqda 5-may kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki yig‘ilishi doirasidagi panel sessiyasida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev ma’lum qildi.
Sessiya moderatori O‘zbekiston so‘nggi olti-yetti yil ichida qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishni jadal rivojlantirganini va allaqachon mintaqadagi hamkorlar, jumladan, Qozog‘iston va Afg‘oniston bilan elektr energiyasi savdosini yo‘lga qo‘yganini ta’kidladi. U mamlakat kelajakdagi o‘zaro bog‘liq Panosiyo energiya tarmog‘ida o‘zi uchun qanday rolni — ishlab chiqaruvchi, tranzit mamlakat yoki “mutlaqo yangi narsa” — ko‘rishini so‘radi.
“Tasavvur qiling, 10 yil oldin faqat energiya importchisi bo‘lgan mamlakat endi butunlay boshqa davlatga aylanmoqda”, — deb javob berdi Jamshid Xodjayev. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 60 milliard dollardan 145 milliard dollargacha o‘sgan. Bu deyarli barcha sohalarda davom etayotgan va xalqaro standartlarga, bozor iqtisodiyotiga o‘tish hamda “investitsiyalar uchun qulay va bank jihatdan jozibador muhit” yaratishga qaratilgan islohotlar natijasidir.
Energetika sohasi islohotlarning asosiy ustuvor yo‘nalishi bo‘ldi. “Nega men islohotlardan boshlayapman? Islohotlarsiz investorlarni jalb qilib bo‘lmaydi, davlat esa energetika infratuzilmasiga yakka o‘zi sarmoya kirita olmaydi”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari. U islohotlar tufayli xususiy kompaniyalar O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish va energiya saqlash tizimlarini rivojlantirishga sarmoya kiritishni boshlaganini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda birgina energetika sohasiga qariyb 35 milliard dollar investitsiya jalb qildik. 9 GVt yangi generatsiya quvvatlari ishga tushirildi”, — dedi Jamshid Xodjayev. Uning so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasi ishlab chiqarish qariyb 40 foizga — yiliga 60 milliarddan 85 milliard kVt/soatgacha oshgan. Mamlakatda qariyb 6 GVt quyosh va shamol quvvatlari ishga tushirildi, “yashil” generatsiyaning yillik o‘sishi esa o‘rtacha 4 GVtni tashkil etadi.
Xodjayevning ta’kidlashicha, O‘zbekiston allaqachon elektr energiyasining “ishonchli mintaqaviy yetkazib beruvchisi” sifatida namoyon bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, birgina 2025-yilda Qozog‘istonga 500 million kVt/soatga yaqin, Tojikistonga 400 million kVt/soat, Qirg‘izistonga 1,2 milliard kVt/soat va Afg‘onistonga 2 milliard kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi eksport qilingan.
“Ilgari mamlakat elektr energiyasini import qilardi. Endi esa biz qo‘shni davlatlarda tanqislik yuzaga kelganda ularga yordam berishga va ularga elektr energiyamizni sotishga harakat qilmoqdamiz. Energetika bozorini transformatsiya qilmasdan, investorlar uchun sharoit yaratmasdan turib, o‘z korxonalarimizni ham ta’minlay olmasdik. Endi esa mamlakat elektr energiyasini eksport qilmoqda”, — dedi u.
Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, infratuzilmani kengaytirish orqali O‘zbekistonning mintaqaviy energetikadagi roli kuchaymoqda. Mamlakat Afg‘oniston va qo‘shni mamlakatlarda 220 va 500 kV kuchlanishli elektr uzatish liniyalari va podstansiyalarini qurmoqda, bu ishlarni 2027-yilgacha yakunlash rejalashtirilgan.
Ikki tomonlama savdodan tashqari, O‘zbekiston Markaziy Osiyo energetika tizimlari integratsiyasida ishtirok etmoqda. Xodjayev mintaqa davlatlari Jahon banki ko‘magida “Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va energiya tizimlarini integratsiya qilish” — REMIT dasturini amalga oshirayotganini eslatdi.
Shuningdek, u O‘zbekiston Qozog‘iston, Kaspiy dengizi, Ozarbayjon va Gruziya orqali Yevropaga “yashil” elektr energiyasini eksport qilish uchun yuqori kuchlanishli HVDC o‘zgarmas tok liniyasi loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etayotganini ma’lum qildi. Osiyo taraqqiyot banki ushbu loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlashda ko‘maklashmoqda.
“Shu bilan birga, Xitoy energetika tizimiga ulanish imkoniyati muhokama qilinmoqda, bu esa integratsiyamizning geografik qamrovini yanada kengaytiradi”, — deya qo‘shimcha qildi Jamshid Xodjayev.
Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston asta-sekin energetika sohasidagi an’anaviy rol doirasidan chiqayotganini ta’kidladi. “Mamlakat asta-sekin an’anaviy rol doirasidan chiqib, o‘zini ishonchli elektr energiyasi ishlab chiqaruvchisi, samarali tranzit yo‘lagi va eng muhimi, energetika tizimlarining mintaqaviy integratori sifatida namoyon etmoqda”, — dedi u.
Jamshid Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda “juda ulkan rejalar” mavjud: energiya tarmog‘ini modernizatsiya qilish, har yili yangi generatsiya quvvatlarini qo‘shish, elektr energetika tizimini raqamlashtirish, shuningdek, yangi generatsiya manbalarini, jumladan, atom elektr stansiyalarini rivojlantirish.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov dekabr oyida yangi energiya quvvatlarining ishga tushirilishi O‘zbekistonga 2025-yilda toza elektr energiyasi eksportiga o‘tish imkonini berganini ta’kidlagan edi. Energetika vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston va Tojikistonga yetkazib berish suv tanqisligidan kelib chiqadigan xavflarni kamaytirishga yordam berdi. Qo‘shni davlatlarga jami 2,6 milliard kVt/soat elektr energiyasi yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston elektr energiyasi eksportini 168,7 million dollargacha oshirgan, bu 2024-yilga nisbatan qariyb 1,5 barobar ko‘pdir.
Source: www.gazeta.uz