Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

7-maydan boshlab poytaxt avtobuslarida konditsioner tizimlari bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ xabar berdi.

Maʼlumotga koʻra, tashqi havo harorati +28°C dan yuqori boʻlganda avtobus salonlarida konditsionerlar majburiy ravishda yoqilishi kerak. Shu bilan birga, salon ichidagi harorat +26°C darajasida saqlanishi talab qilinadi.

«Toshshahartransxizmat» AJ xabarida quyidagilar vaʼda qilinmoqda: nosoz konditsionerli avtobuslar qatnovga chiqarilmaydi; texnik nosozliklar eng qisqa muddatlarda bartaraf etiladi; barcha haydovchilar bilan konditsionerlardan toʻgʻri foydalanish boʻyicha navbatdan tashqari yoʻriqnomalar oʻtkaziladi.

«Yoʻlovchilarning hech bir murojaati eʼtiborsiz qolmaydi, qatʼiy choralar koʻriladi. Vaqtinchalik noqulayliklar uchun yoʻlovchilardan uzr soʻraymiz!» — deyiladi kompaniya xabarida.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda poytaxt avtobuslarining hammasida ham konditsioner yoqilmagani haqida shikoyatlar paydo boʻlgan edi. Bu tanqidga nafaqat «Toshshahartransxizmat», balki poytaxt transport bosh boshqarmasi ham munosabat bildirdi.

Boshqarma xabarida aytilishicha, 30-aprel kuni barcha tashuvchilarga tashqi havo harorati +28°C dan yuqori boʻlganda barcha avtobuslarda konditsioner tizimi uzluksiz ishlashi kerakligi haqida koʻrsatma xati yuborilgan.

Ushbu talabga rioya qilmaydigan tashuvchilarga nisbatan qatʼiy intizomiy va shartnomaviy choralar qoʻllanilishi taʼkidlanmoqda.

Source: kun.uz